Angliyaning mashhur futbol klubi Yangi Toshkentda akademiya ochishi mumkin

Oktabr 24, 2026. 11:00 • 2 daq

• 11
Angliyaning mashhur futbol klubi Yangi Toshkentda akademiya ochishi mumkin

LONDON, 22-oktabr. /“Dunyo” AA/. Angliyaning “Fulxem” futbol jamoasi Buyuk Britaniya tajribasi va standartlaridan foydalangan holda Yangi Toshkentda zamonaviy futbol akademiyasini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu masala klub vakillarining O‘zbekiston Prezidentining investorlar va tadbirkorlar bilan Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish bo‘yicha ochiq muloqotida bergan topshiriqlarini amalga oshirish doirasida mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi diplomatlari bilan uchrashuvida muhokama qilindi.

Uchrashuvda “Fulxem” jamoasidan futbolni rivojlantirish yo‘nalishi rahbari Xyu Jennings va tijorat menejeri Brett Makgoldrik ishtirok etdi.

Diplomatlarimiz jamoa ma’muriyatiga O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish, yosh iste’dodlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Yangi Toshkentni barpo etish loyihasi va uning hududida sport inshootlarini rivojlantirish rejalariga alohida e’tibor qaratildi. Britaniya tomoni O‘zbekistonda futbolni ommalashtirish va yosh futbolchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilayotgan e’tiborni e’tirof etdi.

“Fulxem” rahbariyati Britaniya tajribasi va standartlari asosida Yangi Toshkentda akademiya tashkil etish istiqbollarini o‘rganishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun hamkorlikning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish