Britaniyaning yetakchi konchilik kompaniyasi bilan qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi
Mart 07, 2026. 09:10 • 2 daq
• 138
LONDON, 6-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning “Better Earth” kompaniyasi bosh direktori Naydjel Adams bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Britaniya tomoni “Better Earth” kompaniyasi yangi tashabbus ekani va uning taʼsischilari qatoriga tog‘-kon sanoati va energetika sohalarida o‘nlab yillik tajribaga ega kompaniyalar va investorlar kirishini taʼkidladi. Ularning umumiy bozor kapitallashuvi 10 milliard dollardan oshadi.
Qayd etilishicha, kompaniyaning asosiy maqsadi dekarbonizatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash va strategik minerallar bilan bog‘liq qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan iborat. Shu maqsadda “Better Earth” vakillari neft-gaz va tog‘-kon kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, istiqbolli loyihalarni aniqlash ustida ish olib borayotganini maʼlum qildi.
Ushbu saʼy-harakatlarning davomi sifatida kompaniya O‘zbekiston bilan qo‘shma tashabbuslarni ko‘rib chiqishga qiziqish bildirdi. Mineral resurslar, dekarbonizatsiya va “yashil” energetika kabi muhim va strategik sohalar istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning masʼul idoralari va “Better Earth” rahbariyati o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi