Davosda taqdimot: O‘zbekiston – hamkorlar va investorlar uchun katta imkoniyatlar mamlakati
Yanvar 29, 2026. 10:24 • 2 daq
• 217
DAVOS, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Shveysariyada bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shveysariyaning “SwissCham Asia” tomonidan Davos-Klosters hokimiyati, “Singularity” akademiyasi hamda ASEAN assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Rewiring the World” deb nomlangan mazkur konferensiyada dunyoning turli davlatlaridan siyosiy, ilm-fan, iqtisodiyot, biznes doira va diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Tadbirda hozirgi kunda jahonda yuz berayotgan siyosiy voqealar, ularning davlatlar suvereniteti va xavfsizligiga taʼsiri, so‘nggi yillarda texnologiyalar, sunʼiy intellektni jadal rivojlantirish va hukumat boshqaruviga tatbiq etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Hozirgi kunda ayrim davlatlar o‘rtasida yuzaga kelayotgan mojarolar va ularni kuch bilan hal etishga harakat qilish, ziddiyatlarni bartaraf qilishda belgilangan xalqaro huquq meʼyorlaridan tashqariga chiqish kabi holatlar ikkinchi jahon urushidan keyin o‘rnatilgan tartib va global xavfsizlikka tahdid solayotganiga urg‘u berildi.
Bunday vaziyatlarni oldining olishda xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tomonidan ko‘rilayotgan choralar zaif va samarasiz bo‘lgani bois, bu kabi muassasalar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, zamon talabiga mos ravishda isloh qilish, lozim bo‘lsa, kengroq vakolatlar beriladigan xalqaro tashkilotlarni tuzish haqida fikrlar bildirildi.
Shu bilan birga, anjumanda iqtisodiyotga chetdan kapital jalb qilish, investorlar ishonchini qozonish, demografiya va unumdorlik kabi iqtisodiyotga oid mavzular ham muhokama qilindi. Turli davlatlarda mazkur yo‘nalishlarda erishilgan yutuqlar, qo‘llanilayotgan tadbirlar haqida fikr almashildi.
Tadbirda qatnashgan Bosh konsulxona xodimi mamlakatimiz iqtisodiyotida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan yutuqlar haqida so‘zladi. Respublikamiz iqtisodiyoti jadal surʼatlar bilan o‘sib borayotgani va o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard AQSh dollariga yetgani taʼkidlandi.
Jalb qilingan investitsiyalar hajmi 43,1 milliard AQSh dollarini tashkil etgani, yurtimizda xorijiy investorlar tomonidan tashkil etilgan 18 mingta korxona faoliyati haqidagi maʼlumot anjuman qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida qonunchilikda amalga oshirilgan islohotlar, xorijiy valyutani erkin konvertatsiyasini taʼminlash, investorlar huquqini himoya qilish, mablag‘larni majburiy musodara qilmaslik, foydani erkin repatriatsiya qilish va barqarorlik kafolatlari haqida ham maʼlumot berildi.
Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l loyihasi, Termizdagi “Ayritom” logistika markazi qatnov vaqti va yuk tashish xarajatlarining sezilarli darajada kamaytirishi, mintaqaviy logistikani yaxshilash, Hind okeani portlariga chiqish imkonini berish borasida ham to‘xtalib o‘tildi.
Suhbat so‘nggida O‘zbekistonda biznes tashkil etish, investitsiya kiritish xususida qo‘shimcha maʼlumot va maslahat olish, hamkorlar topish masalalarida Bosh konsulxona qiziqqan tomonlarga barcha kerakli yordamni berishga tayyorligi taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
