Logo

2025-yilda O‘zbekistondan Polshaga 136 million dollarga teng mahsulot eksport qilingan

Yanvar 19, 2026. 09:02 • 3 daq

216
2025-yilda O‘zbekistondan Polshaga 136 million dollarga teng mahsulot eksport qilingan

VARSHAVA, 19-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida mamlakatimizdagi eksportyor kompaniyalar vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu onlayn muloqotdan ko‘zlangan maqsad – Yevropa, xususan, Polsha bozoriga eksport qilayotgan yoki kirish istagida bo‘lgan tadbirkorlarni Polshada uzoq yillik amaliy tajribaga ega bo‘lgan vatandosh tadbirkorlar bilan tanishtirish, ularning ish yuritishdagi yondashuvlari, amaliy tajribasi, maslahat va ko‘rsatmalari bilan bo‘lishish.

Tadbirda Elchixona diplomatlari, Polshadagi o‘zbek tadbirkorlari uyushmasi rahbari Nizomiddin Abdullayev, “Bombacio” kompaniyasi rahbari Sherzod Qodirov, “Torva Europe” kompaniyasi rahbari Bekzod To‘raqulov, mamlakatimizdagi viloyat va tuman hokimliklari, Eksportni rivojlantirish agentligi masʼul vakillari hamda ishlab chiqarish va eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirok etdi.

Suhbat jarayonida Polshaga eksport yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar, natijalar va rejalar haqida fikr-mulohaza almashildi. Yil sayin O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropaga eksporti hajmi o‘sib borayotgani taʼkidlanib, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha statistik maʼlumotlar taqdim etildi.

2025 yilda O‘zbekistondan Polshaga 136 million dollarga teng mahsulot eksport qilingani, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Polsha Yevropa davlatlari ichida 3-, butun dunyo mamlakatlari ichida 19-o‘rinda ekani alohida qayd etildi.

Eksport tarkibida asosiy ulush to‘qimachilik mahsulotlari (41,4 million dollar), metall va metall buyumlar (39,3 million dollar), oziq-ovqat mahsulotlari (14 million dollar), yoqilg‘i-energetika va neft mahsulotlari (7 million dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi.

2025-yil 24 oktyabrda Bryussel shahrida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolangani aytilib, mazkur hujjat ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni yana-da rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish uchun muhim huquqiy asos ekani qayd etildi.

Nizomiddin Abdullayev o‘z chiqishida uyushma faoliyati, o‘zbek eksportyorlari uchun mavjud imkoniyatlar, omborxonalardan foydalanish, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi qulayliklar hamda tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari haqida maʼlumot berdi.

Sherzod Qodirov Yevropa bozoriga chiqishda tadbirkorlar tomonidan bozorning yetarlicha tahlil qilinmasligi, uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi, shuningdek Yevropa talablariga mos eksport sertifikatlarining yetishmasligi asosiy muammolar ekanini taʼkidladi. Ushbu muammoni bartaraf etish uchun davlat tomonidan sertifikatlash jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, imtiyoz va subsidiyalar joriy etish taklif etildi. Bu o‘z navbatida eksport hajmini 3-4 barobar ortishiga olib kelishi mumkinligi taʼkidlandi.

Behzod To‘raqulov Polsha qonunchiligi va bozor talablari haqida maʼlumot berib, onlayn savdoga alohida eʼtibor qaratish, Yevropa bozorini muntazam tahlil qilib borish, elektron pochta orqali yozishmalar madaniyatiga rioya qilish, to‘liq va sifatli tijorat takliflarini tayyorlash muhimligini taʼkidladi.

Yig‘ilish savol-javob ko‘rinishida davom ettirilib, sertifikat turlari, viza masalalari, Polshadagi omborxonalardan foydalanish imkoniyatlari va boshqa amaliy masalalar muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish