Germaniyaning nufuzli ko‘rgazmasida “Made in Uzbekistan” brendi namoyish etildi
Yanvar 15, 2026. 08:15 • 2 daq
• 182FRANKFURT-MAYN, 15-yanvar. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida to‘qimachilik sanoatidagi yirik tadbir – “Heimtextil – 2026” ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘rgazma har yili Frankfurt-Mayn shahrida o‘tkaziladi va butun dunyodan 60 mingdan ortiq kishi ishtirok etadi.
Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekistonning Frankfurt va Berlindagi diplomatik vakolatxonalari, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi, xalqaro sertifikatlarga ega 12 ta mahalliy korxona vakillaridan iborat delegatsiya “Made in Uzbekistan” brendi ostida ko‘rgazmada qatnashmoqda.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining yetakchi kompaniyalari tomonidan namoyish qilingan o‘zbek milliy mahsulotlari stendi xorijiy hamkorlarda katta taassurot qoldirdi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati salohiyati va istiqbolli rejalari to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishdi. Ko‘rgazma davomida mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarini Germaniyaga eksport qilish hamda o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi.
Xorijlik ishbilarmonlar o‘zbek trikotajining narxi va sifatini yuqori baholab, uzoq muddatli hamkorlik qilish istagini bildirdi.
“Made in Uzbekistan” brendi ostidagi to‘qimachilik mahsulotlari ko‘pchilik qatori menda ham katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekiston jahon to‘qimachilik sanoatida alohida o‘rin tutishini namoyish qilgan mahsulotlari sifatidan ham bilish mumkin. O‘zbekiston tarixiy madaniyatga boy mamlakat. Shu bois yurtingizda 2 marta bo‘lganman va har safar borganimda bir olam taassurot bilan qaytganman”, deydi “MÜSIAD Hessen e.V.” tadbirkorlar uyushmasi raisi o‘rinbosari, Germaniyaning “StarkLegal” kompaniyasi direktori Ilyas Gyujlyu.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


