Farg‘ona viloyati delegatsiyasi yetakchi turk kompaniyalari bilan muzokara o‘tkazdi
Fevral 15, 2026. 12:13 • 2 daq
• 74TOSHKENT, 15-fevral. /“Dunyo” AA/. Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Turkiyada bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Farg‘ona viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, tashrif davomida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Turkiyaning metallni qayta ishlash sohasidagi yirik kompaniyalaridan biri – “Kose Holding” rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur korxona oyiga qariyb 5 ming tonna mis va alyuminiy mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega.
Kompaniya taʼsischisi Adem Kyose bilan o‘tgan uchrashuvda ishlab chiqarishni kengaytirish va xorij bozorlariga chiqish rejalari doirasida Farg‘ona viloyatida investitsion loyihani amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
“Zorlu Holding” kompaniyasi bilan hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Kompaniya vakili Omer Chapkiyeoglu bilan uchrashuvda holding tarkibidagi “TAJ” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan parda va uy tekstili mahsulotlari ishlab chiqarishni Farg‘ona viloyatida ham amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, holding tarkibidagi “Farmicca” kompaniyasi tomonidan intensiv ko‘katlar yetishtirish loyihasi yuzasidan Quva tumanidagi “Agro Star” korxonasi bilan onlayn muzokara o‘tkazilib, yangi loyihani hamkorlikda amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. “Agro Star” tomonidan turk hamkorlarga zarur bo‘lgan taklif va maʼlumotlar taqdim etildi.
Shu bilan birga, “Naz Global” kompaniyasi rahbari Naz Kolemenoglu bilan turli xil mahsulotlarni qadoqlash uchun mo‘ljallangan zamonaviy karton qutilar ishlab chiqarish loyihasi yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda bozor talablariga mos, sifatli va raqobatbardosh qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Loyiha doirasida oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnika, farmatsevtika, kosmetika va boshqa turdagi tovarlar uchun turli o‘lcham va dizayndagi karton qutilar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Uchrashuvlar yakunida turk ishbilarmonlarining Farg‘onaga tashrif buyurishi va istiqbolli loyihalar bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




