Logo

O‘zbekiston va Qirg‘iziston: Hududlararo iqtisodiy diplomatiyaning yangi istiqbollari

Fevral 08, 2026. 14:20 • 2 daq

72
O‘zbekiston va Qirg‘iziston: Hududlararo iqtisodiy diplomatiyaning yangi istiqbollari

O‘Sh, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi O‘sh viloyat boshqarmasi rahbari Kantoro Turdubayev bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, xususan, mintaqaviy munosabatlarni mustahkamlash va transport logistikasida Eronning Bandar-Abbos va Chohbahor portlaridan alternativ yo‘nalish sifatida foydalanish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, fevral oyida Namanganda o‘tadigan “Central Asia Agrowomen – 2026” forumi hamda yil davomida O‘shda tashkil etiladigan xalqaro yarmarkalarda o‘zaro faol ishtirok etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Alohida taʼkidlandiki, Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan “IT-City” va “Osh City” kabi yirik qurilish loyihalari O‘zbekistonning qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Mazkur obyektlar Prezident davlat dasturiga kiritilgani bois, ularga olib kiriladigan qurilish mahsulotlari uchun bojxona to‘lovlarining nol stavkasi qo‘llanilishi va o‘zbekistonlik mutaxassislarni qurilish jarayonlariga jalb etish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Shu maqsadda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkorlari ishtirokida “Uchbuloq” MCHJ qo‘shma korxonasi tashkil etilgani maʼlum qilindi.

Uchrashuv yakunida O‘sh shahrida O‘zbekiston qurilish materiallari ko‘rgazmasini tashkil etish va shou-rumini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ikki tomonlama savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi delegatsiyasining tashrifini uyushtirish hamda “Do‘stlik” chegara-o‘tish punktida qurilish materiallari tashuvchi transport vositalari uchun alohida yo‘lak tashkil etish masalalarini o‘rganib chiqish taklif etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish