Logo

Kuala-Lumpurda O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi

Fevral 08, 2026. 13:00 • 2 daq

161
Kuala-Lumpurda O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi

KUALA-LUMPUR, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Malayziya-Xitoy savdo-sanoat palatalari uyushmasi qarorgohida mamlakatimizning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Malayziya ishbilarmon doira vakillari, jumladan, Malayziya Xitoy savdo-sanoat palatalari uyushmasi (ACCCIM) kotibiyati xodimlari ishtirok etdi.

Taqdimot davomida mehmonlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tizimli islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, qulay investitsiya va biznes muhiti, shuningdek, ustuvor tarmoqlardagi hamkorlik imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Uyushma bosh kotibi Ter Leong o‘z nutqida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik o‘rni hamda jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti malayziyalik tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otayotganini alohida taʼkidladi. Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar va ochiqlik siyosati Malayziya kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

“Biz O‘zbekiston davlat idoralari, sohaviy uyushmalar va ishbilarmonlardan iborat delegatsiyalarning Kuala-Lumpurga tashriflari doirasida alohida biznes-forumlar hamda B2B formatdagi uchrashuvlarni yuqori darajada tashkil etishga tayyormiz”, - dedi Ter Leong.

Muloqot chog‘ida malayziyalik ishbilarmonlar turizm va mehmonxona xo‘jaligi, ko‘chmas mulk va qurilish industriyasi, mineral resurslarni qayta ishlash, to‘qimachilik hamda yengil sanoat sohalarida o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, Malayziya-Xitoy savdo-sanoat palatalari uyushmasi tomonidan O‘zbekistonda o‘tkaziladigan yirik xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish maqsadida Malayziyaning yetakchi kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyalarning respublikaga biznes missiyalarini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Malayziya-Xitoy savdo-sanoat palatalari uyushmasi (Associated Chinese Chambers of Commerce and Industry of Malaysia – ACCCIM) 1921-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Malayziyaning barcha 13 ta shtatidagi xitoy savdo palatalarini birlashtiradi. Uyushmaning 110 mingdan ortiq aʼzosi mavjud.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish