Xorijiy diplomatlar Andijon viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari bilan tanishdi
Aprel 08, 2026. 16:24 • 2 daq
• 161
ANDIJON, 8-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Andijon viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Toshkentda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarining Andijon viloyatiga tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nufuzli delegatsiya tarkibiga Qirg‘iziston, Turkmaniston, Janubiy Koreya, Falastin, Misr, Ummon, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Yevropa Ittifoqi, Ruminiya, Turkiya, Shveysariya, Chexiya, Latviya, Polsha va Mo‘g‘uliston diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, Bolgariya, Ozarbayjon, Tojikiston, Malayziya, Indoneziya, BAA, Pokiston, Vengriya, Gretsiya va Isroil elchilari o‘rinbosarlari, Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti va Osiyo taraqqiyot banki vakillari kirdi.
Tashrif dasturidan Andijon mebel markazi, Oltinko‘l tumanidagi charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun erkin iqtisodiy zona, “Diromm Jeans” va “Dinar Group” to‘qimachilik korxonalari faoliyati hamda yangi Bobur shaharchasi loyihasi bilan tanishish o‘rin oldi.
“Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va tadbirkorlar ishtirokida viloyatning investitsiya, eksport va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida to‘qimachilik, mebelsozlik, charm-poyabzal, avtomobilsozlik sanoati, turizm sohasi asosiy o‘sish drayverlari bo‘lgan mintaqaning investitsiyaviy va iqtisodiy jozibadorligi taqdim etildi.
Jonli va interaktiv suhbat bo‘lib o‘tdi. Unda diplomatlar viloyat hokimiyati vakillari bilan fikr almashdi, joriy investitsiya loyihalari, hamkorlik istiqbollari, Andijon viloyatining eksporti va turizm salohiyatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, mehmonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. Muhokama xorijiy hamkorlar va mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Bu esa mintaqaning iqtisodiy imkoniyatlarini tushunishni mustahkamladi.
Mehmonlar, shuningdek, Markaziy dehqon bozori, Registon maydoni va Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi milliy bog‘da bo‘lib, Andijon viloyatining tarixi va madaniy merosi bilan yaqindan tanishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi