Logo

“Associated Press of Pakistan” AA: Buxoroda II Osiyo xotin-qizlar forumiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda

Aprel 08, 2026. 11:29 • 2 daq

108
“Associated Press of Pakistan” AA: Buxoroda II Osiyo xotin-qizlar forumiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda

ISLOMOBOD, 8-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Associated Press of Pakistan” axborot agentligi shu yilning 13–15-may kunlari Buxoro shahrida II Osiyo xotin-qizlar forumi bo‘lib o‘tishi haqidagi maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston Oliy Majlis Senatida II Osiyo xotin-qizlar forumini o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

“O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva raisligida o‘tgan yig‘ilishda mazkur anjumanni “BMT–ayollar” tuzilmasi va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) bilan birgalikda joriy yil 13–15-may kunlari Buxoro shahrida o‘tkazish belgilandi”, – deb taʼkidlangan nashrda.

“APP” AA maʼlum qilganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 23–29-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Osiyo xotin-qizlari forumini doimiy platformaga aylantirish taklifi ilgari surilgan edi.

Shu maqsadda forum doirasida mintaqa xotin-qizlarining siyosat, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash va taʼlim, ijtimoiy himoya, iqlim, ekologiya va boshqaruv sohalaridagi huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama etiladi. Bu boradagi global va mintaqaviy hamkorlik yanada mustahkamlanadi va o‘zaro tajriba almashiladi.

Forum orqali O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar, bandlik, tadbirkorlik, taʼlim va ijtimoiy himoya sohalarida yaratilgan shart-sharoitlar, obod mahallalar va farovon oilalar hayoti, turizm salohiyati hamda ilg‘or milliy tajriba xorijiy ishtirokchilarga yetkaziladi.

“BMTning Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi, Xavfsizlik Kengashining 1325-rezolyutsiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qoidalarini hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi”, – deyilgan “APP” tarqatgan materialda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish