Mazoviya hududida “Polsha–O‘zbekiston” markazi ish boshladi
Oktabr 31, 2026. 10:30 • 2 daq
• 184VARSHAVA, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning Mazoviya voyevodaligida “ATT Logistics” xalqaro logistika kompaniyasi bazasida o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berishni soddalashtirishga qaratilgan “Polsha – O‘zbekiston” logistika xabi o‘z faoliyatini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yangi xab o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarga maxsus ajratilgan 1 000 kvadrat metr maydonda tovarlarni olti oy davomida bepul saqlash hamda konsolidatsiya qilish imkoniyatini beradi.
Ombor xizmatlari va yuk tashishni tashkil etishdan tashqari, “ATT Logistics” mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi bozorlarida sotuvga chiqarishda ham ko‘maklashadi. Yuklarni yetkazib berish “Euro-6” ekologik standartiga javob beruvchi 100 dan ortiq zamonaviy yuk mashinalari orqali amalga oshiriladi. Bu Yevropaning turli mintaqalariga tashishlarni tashkil etish va yirik savdo tarmoqlariga yetkazib berish imkonini beradi.
Logistika xabidan foydalanish, shuningdek, Yevropa, jumladan, Markaziy va Sharqiy Yevropa bozorlariga chiqishda yetkazib berish yo‘nalishlarini optimallashtirish hamda transport xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasining commercial.pl@mfa.uz elektron pochta manzili orqali ham olish mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


