Gruziyaga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklar nimalarga e’tibor berishi kerak?
Oktabr 31, 2026. 15:30 • 2 daq
• 8
TBILISI, 31-oktabr. /“Dunyo” AA/. Gruziyada 2026-yil 1-yanvardan buyon ushbu davlatga turistik maqsadlarda kirib kelayotgan barcha chet el fuqarolaridan sug‘urta polisiga ega bo‘lish talab etiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Gruziyaga kelayotgan xorijliklar qog‘oz yoki elektron shaklda, gruzin yoki ingliz tilida rasmiylashtirilgan amaldagi tibbiy sug‘urta polisi hamda baxtsiz hodisalardan sug‘urtalanganlik to‘g‘risidagi hujjatga ega bo‘lishi shart.
Sug‘urta polisi Gruziya yoki xorijiy sug‘urta kompaniyasi tomonidan berilishi mumkin. Bunda eng kam sug‘urta summasi 30 000 Gruziya larisini (11 154,88 AQSh dollariga teng) tashkil etishi lozim.
Sug‘urta polisida shartnoma taraflari, sug‘urtalangan hudud, sug‘urta obyekti, sug‘urta muddatining boshlanish va tugash sanalari, sug‘urtalangan xatarlar, sug‘urta summasi miqdori (javobgarlik limitlari), sug‘urta mukofoti miqdori hamda uni to‘lash joyi va shartlari majburiy ravishda ko‘rsatilishi zarur.
Polis turistning Gruziya hududida bo‘lishining butun davrini, jumladan, mamlakatga kirish va undan chiqish sanalarini ham qamrab olishi lozim.
Diplomatik va maxsus viza egalari; diplomatik, xizmat, rasmiy va maxsus pasport egalari; diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan tuzilmalarning akkreditatsiyadan o‘tgan xodimlari, shuningdek, ularning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan oila a’zolari; Gruziyaga xalqaro shartnomalar va bitimlarga muvofiq kirib kelayotgan shaxslar; xalqaro avtomobil yuk va yo‘lovchi tashuvlarini amalga oshiruvchi haydovchilar majburiy sug‘urta polisiga ega bo‘lish talabidan ozod etilgan.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki 9 oyida Gruziya aeroportlarida 711 nafar yo‘lovchining mamlakatga kirishi rad etilgan bo‘lib, ularning 473 nafari O‘zbekiston fuqarolaridir.
Kirishga ruxsat berilmasligining asosiy sabablari safar maqsadini aniq tushuntirib bera olmaslik, mehmonxona bronlari va qaytish aviachiptalari kabi tasdiqlovchi hujjatlarning yo‘qligi, tibbiy sug‘urta polisi mavjud emasligi hamda mamlakatda bo‘lish uchun yetarli moliyaviy mablag‘ mavjudligini tasdiqlay olmaslik bilan bog‘liq.
Shu munosabat bilan, Gruziyaga safar qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarga safar maqsadini oldindan aniq belgilash, mehmonxona bronlari, qaytish aviachiptalari, tibbiy sug‘urta polisi va yetarli moliyaviy mablag‘ mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarni tayyorlab qo‘yish tavsiya etiladi.
Chegara nazoratida beriladigan savollarga aniq, ishonchli va izchil javob berish muhim ahamiyatga ega.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi