O‘zbekiston elchisi Buyuk Britaniyaning yetakchi konsalting kompaniyasi boshqaruvchi hamkori bilan uchrashdi
Aprel 21, 2026. 16:35 • 2 daq
• 88
LONDON, 21 aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida mahalliy “Savvy” konsalting kompaniyasi boshqaruvchi hamkori Mariyam Koyava bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov mamlakatimizda investitsiya va savdo yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘z navbatida, Mariyam Koyava O‘zbekistonda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti va yangi imkoniyatlar Britaniya ishbilarmon doiralarida katta qiziqish uyg‘otayotganini taʼkidladi. Xususan, chakana savdo, mehmonxona, restoran, kafe, oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish sohalari sarmoya kiritish uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, britaniyalik investorlarning qiziqishini yana-da kuchaytirish uchun ularga professional konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos jihatlarini chuqur tahlil qilish hamda huquqiy va moliyaviy mexanizmlarni samarali yo‘lga qo‘yish muhim ekani taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari orasida O‘zbekistonning investitsiyaviy va eksport salohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar o‘tkazishga kelishib oldi.
“Savvy” — biznesni rivojlantirishga ixtisoslashgan yetakchi konsalting kompaniyasi bo‘lib, u yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgan sarmoyadorlarga tadqiqotlar va strategik rejalashtirish, moliyaviy menejment, davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha maslahatlar, savdo boshqaruvi, trening hamda seminarlar tashkil etish kabi xizmatlarni taqdim etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi