1–3-aprel kunlari Toshketdagi “O‘zekspomarkaz” MKKning barcha pavilonlarida “Oziq-ovqat mahsulotlari, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari – UzFood 2026” 25-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi
Mart 27, 2026. 19:10 • 3 daq
• 51
TOSHKЕNT, 27-mart. /“Dunyo” AA/. 1–3-aprel kunlari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” MKKning barcha pavilonlarida “Oziq-ovqat mahsulotlari, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari – UzFood 2026” 25-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur ko‘rgazma “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” tashkilotchiligida o‘tkaziladi.
UzFood oziq-ovqat sanoati uchun asosiy biznes platforma bo‘lib, eng so‘nggi ishlanmalar, texnologiyalar va sanoat tendensiyalarini namoyish etadi.
25 yil ichida ko‘rgazma O‘zbekiston oziq-ovqat bozorini rivojlantirish, yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, zamonaviy uskunalar va oziq-ovqat sanoati uchun innovatsion yechimlarni targ‘ib qilishda muhim vositaga aylandi.
Yaqinlashib kelayotgan yubiley ko‘rgazmasi miqyosi va ishtirokchilar geografiyasi bo‘yicha barcha rekordlarni yangiladi: 26 mamlakatdan 500+ kompaniya ishtirok etishi kutilmoqda. Unda Germaniya, Belarus, Rossiya, Koreya Respublikasi, Polsha va Tailandning yetakchi milliy va jamoaviy ekspozitsiyalari bir maydonda birlashadi. Tadbirda Xitoy, Hindiston, Turkiya, Italiya va Malayziya kabi mamlakatlarning yetakchi kompaniyalari ishtiroki kutilmoqda.
An’anaga ko‘ra, ko‘rgazmada professionallar uchun barcha mahsulotlar – ingrediyentlar va uskunalardan tortib tayyor mahsulotlargacha namoyish etiladi.
Ko‘rgazmaning asosiy bo‘limlari: go‘sht va parranda go‘shti; sut mahsulotlari; qandolat mahsulotlari; baqqollik; ichimliklar; oziq-ovqat ingrediyentlari; oziq-ovqat sanoati uchun uskunalar.
26-xalqaro “Qadoqlash. Uskunalar va materiallar – O‘ZuPACK 2026” ko‘rgazmasida qadoqlash, taqsimlash va quyish uskunalari, qadoqlash materiallari, idishlar, yorliqlar va bir martalik idishlar namoyish qilinadi.
“Bakery Uzbekistan” ixtisoslashtirilgan bo‘limida non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyalari va uskunalari taqdim etiladi.
Ko‘rgazmaning eng talabgir elementlaridan biri an’anaviy “Riteyl Markazi” – oziq-ovqat yetkazib beruvchilari va xaridorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib boriladigan noyob maydondir. 2019 yildan beri muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan ushbu bo‘lim yangi mavsumda tarmoqlar xaridlari markaziga aylanadi.
Ishtirokchilar geografiyasining kengayishi va riteylerlar sonining ikki baravar ko‘payishi to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Rossiya chakana savdo tarmoqlarining debyut ishtiroki tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish va eksport-import aylanmasini oshirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Tarmoqlar xaridlari markazi doirasida oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqaruvchilari va chakana savdo tarmog‘i vakillari o‘rtasida mahsulotlarni peshtaxtalarga yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri “B2B” formatida muzokaralari o‘tkaziladi.
Shuningdek, biznes dasturiga ko‘ra, mahorat darslari, yangi uskunalar taqdimotlari tashkil etiladi. Bu jarayonda namoyish qilingan texnologiyalar O‘zbekistonda ishlab chiqarish va savdoga joriy etiladi.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun, “Iteca Exhibitions” matbuot xizmatiga murojaat qiling.
Tel: +99871 205-18-18, +99894 800-18-18.
E-mail: pr@iteca.uz, www.iteca.uz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi