Sankt-Peterburg, Nukus va Xiva muzeylari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi
Noyabr 01, 2026. 17:00 • 2 daq
• 4SANKT-PETERBURG, 1-noyabr. /“Dunyo” AA/.Butunjahon peterburgliklar klubi delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘lib, mahalliy muassasalar va davlat organlari vakillari bilan muzey, ilmiy hamda madaniy sohalardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiyaga Klub boshqaruvi raisi Nataliya Sidorkevich boshchilik qildi. Nukus shahrida I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari Ajiniyaz Kaynazarov bilan fan, oliy ta’lim, turizm va muzeylararo almashinuv masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrifning asosiy voqeasi I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi va Sankt-Peterburg tarix davlat muzeyi o‘rtasida Hamkorlik memorandumini imzolash bo‘ldi.
Shuningdek, Nataliya Sidorkevich Nukus muzeyiga peterburglik rassomlarning asarlarini tuhfa qildi. Jumladan, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan rassom Nikita Fominning “Amir Temur maqbarasi” asari topshirildi.
Madaniy dastur doirasida delegatsiya a’zolari Qoraqalpog‘istondagi qadimiy obidalar — Chilpik, Topraqqal’a va Ayozqal’a, shuningdek, Xivadagi “Ichan-qal’a” muzey-qo‘riqxonasida bo‘lib, tarixiy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish masalalarini muhokama qildilar.
Safar yakunlari bo‘yicha Sankt-Peterburg, Nukus va Xiva muzeylari o‘rtasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot hamda ko‘rgazma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


