Logo

Ispaniyadan munosabat: Buxorodagi sammit O‘zbekiston–Qozog‘iston strategik hamkorligini yangi bosqichda chiqarmoqda

Aprel 14, 2026. 08:10 • 2 daq

198
Ispaniyadan munosabat: Buxorodagi sammit O‘zbekiston–Qozog‘iston strategik hamkorligini yangi bosqichda chiqarmoqda

MADRID, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning San-Pablo SEU universiteti professori, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha mutaxassis Antonio Alonso “Dunyo” AA muxbiriga Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga amaliy tashrifi haqida fikr bildirdi:

– Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayevning Buxoroda bo‘lib o‘tgan sammiti O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi kengayib borayotgan strategik sinergiyaning yorqin dalili ekanini ta’kidlamoqchiman.

Eng muhimi, yetakchilarning O‘zbekiston–Qozog‘iston muntazam muloqoti deklarativ emas, balki amaliyotga yo‘naltirilgan xarakterga ega. Aniq natijalar – tovar ayirboshlashning o‘sishi, sanoat kooperatsiyasining kengayishi va infratuzilma loyihalarining ilgari surilishi ikki tomonlama munosabatlarning barqaror dinamikasidan dalolat beradi. Ko‘rsatkichning 5 milliard AQSH dollariga yetgani va tovar ayirboshlashni yanada ko‘paytirib, 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani iqtisodiy ishonch va o‘zaro manfaatdorlik yuqori ekanidan dalolat beradi.

Transport-logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Global ta’minot zanjirlarining o‘zgarishi sharoitida aynan shunday tashabbuslar Markaziy Osiyoning muhim tranzit va integratsiya makoni sifatidagi yangi geoiqtisodiy rolini shakllantiradi.

Tomonlarning energetika masalalarini, jumladan, “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanishni birgalikda hal etishga intilishi ham ijobiy natijalar bermoqda. Bu yo‘nalishlar butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Raqamlashtirish va elektron tijoratdan tortib kosmik texnologiyalargacha bo‘lgan innovatsion sohalarda hamkorlikni kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega. Bu ikki tomonlama hamkorlik kelajakka yo‘naltirilgan sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Umuman olganda, uchrashuv natijalari O‘zbekiston–Qozog‘iston munosabatlari bugungi kunda Markaziy Osiyoda barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va mintaqaviy integratsiyaning asosiy omillaridan biri ekanini tasdiqlaydi. O‘zaro hamkorlikning bunday shakli samarali va uzoqni ko‘zlagan hamkorlikka misol bo‘la oladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish