Kuala-Lumpurda malayziyalik mashhur sanʼatkorning O‘zbekistonda suratga olingan yangi albomi taqdimoti o‘tkazildi
Sentabr 06, 2026. 10:00 • 2 daq
• 204KUALA-LUMPUR, 6-sentabr. /“Dunyo” AA/. Malayziya va Janubi-Sharqiy Osiyoda mashhur bo‘lgan sanʼatkor Hofiz Hamidunning O‘zbekistonda suratga olingan “Salawat. The Beloved” nomli yangi musiqiy albomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Malayziyalik sanʼatkorlarning O‘zbekistonda ijodiy loyihalarni amalga oshirish va yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro auditoriya orasida targ‘ib qilishga qiziqishi ortib bormoqda.
Mazkur ijodiy loyiha doirasida Hofiz Hamidun va uning ijodiy jamoasi joriy yil avgust oyida O‘zbekistonga tashrif buyurib, Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatida qator videokliplarni suratga oldi.
Suratga olish jarayonlari mamlakatimizning tarixiy-madaniy va sayyohlik salohiyatini namoyon etuvchi qator diqqatga sazovor obyektlarda tashkil etildi.
Yangi albomning Malayziyadagi premyerasida 24 ta elektron va bosma nashr, 40 dan ziyod OAV vakillari ishtirok etdi. O‘zbekistonda suratga olingan albom premyerasi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda 100 ga yaqin post va materiallar eʼlon qilindi.
Tadbir doirasida Hofiz Hamidunning O‘zbekistonning boy islomiy, tarixiy va madaniy merosiga bag‘ishlangan foto-ko‘rgazmasi ham namoyish etildi. Eʼtiborlisi, xonandaning taʼkidlashicha, yangi albom qisqa vaqt ichida 1,4 milliondan ziyod tomoshabin eʼtiborini jalb etgan.
Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning madaniy va sayyohlik salohiyatini Janubi-Sharqiy Osiyo auditoriyasiga yetkazishda zamonaviy media va sanʼat loyihalarining katta imkoniyatlarga ega ekanini ko‘rsatmoqda.
Mazkur media-loyiha O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi va Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda yurtimizda so‘nggi yillarda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mamlakatda ziyorat turizmi uchun yaratilayotgan zamonaviy imkoniyatlarni Janubi-Sharqiy Osiyo jamoatchiligiga yetkazish maqsadida amalga oshirildi.
Hofiz Hamidunning ijodiy loyihasi nafaqat musiqa va sanʼat sohasidagi hamkorlik, balki O‘zbekistonning Malayziya va ASEAN mintaqasi bilan madaniy va turizm diplomatiyasining samarali namunasi sifatida ham ahamiyatlidir.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi tobora rivojlanib borayotgan madaniy-gumanitar hamkorlik va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





