O‘zbek madaniyati Germaniyaning Visbaden shahrida o‘tkazilgan an’anaviy festivalda namoyish etildi
Sentabr 06, 2026. 12:46 • 2 daq
• 130VISBADEN, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Gessen o‘lkasi poytaxtida turli millat vakillarini bir maydonda jamlagan 49-xalqaro madaniyat festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Visbaden shahar ma’muriyati tomonidan tashkil etilgan tadbir markaziy Shlossplas maydonida o‘tkazildi. Festival doirasida turli xalqlarning milliy madaniyati, musiqasi va folklori, an’anaviy taomlari, amaliy san’ati hamda urf-odatlari namoyish etildi.
Festivalda “Do‘ppi” o‘zbek-german madaniy jamiyati ham faol ishtirok etdi. Jamiyat vakillari keng jamoatchilikni o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va an’analari, amaliy san’ati hamda milliy taomlari bilan yaqindan tanishtirdi.
O‘zbekiston maydonchasiga tashrif buyurganlar an’anaviy hunarmandchilik namunalari, milliy naqshlar va o‘zbek liboslarini ko‘rish, shuningdek, madaniy jamiyat faoliyati haqida atroflicha ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldi.
Mehmonlarda o‘zbek milliy taomlari katta qiziqish uyg‘otdi. Tashrif buyuruvchilarga milliy taomlar va shirinliklar tortiq qilinib, O‘zbekistonning boy gastronomik an’analari va o‘ziga xosligi namoyish etildi.
O‘zbekistonning Frankfurt-mayndagi Bosh konsulxonasi vakillari ham festivalda qatnashib, o‘zbek maydonchasi faoliyati bilan tanishdi. Diplomatlar o‘zbek diasporasining milliy madaniyat va an’analarni asrab-avaylash, rivojlantirish va keng targ‘ib qilishga qaratilgan faoliyatini qo‘llab-quvvatladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


