Logo

Osakada Samarqand va Buyuk ipak yo‘liga bag‘ishlangan ko‘rgazma ish boshladi

Mart 24, 2026. 15:18 • 2 daq

172
Osakada Samarqand va Buyuk ipak yo‘liga bag‘ishlangan ko‘rgazma ish boshladi

OSAKA, 24-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyada tashkil etilgan “Buyuk Ipak yo‘li savdogarlari: Samarqand yodgorliklari va Yevroosiyo aloqalari” nomli maxsus ko‘rgazmada ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi Osaka shahridagi Etnologiya milliy muzeyida o‘tkazildi. Unda Yaponiyaning qator muzeylari, hukumat idoralari, ilmiy doiralar, OAV vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya tadbirlarda faol ishtirok etdi. Ko‘rgazma ekspozitsiyada 200 dan ortiq muzey eksponati namoyish etilgan bo‘lib, ularning aksariyati O‘zbekistondan olib kelingan. U 1000 kvadrat metrdan ortiq maydonni egallab, savdogarlarning Markaziy Osiyo tarixidagi o‘rni hamda Buyuk ipak yo‘lining madaniy va sivilizatsiyaviy almashinuv markazi sifatidagi ahamiyatini yoritib beradi.

Etnologiya milliy muzeyi direktori Seki Yudzi ushbu ko‘rgazmaning Yaponiyada tashkil etilgani katta ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, bu orqali yapon jamoatchiligiga O‘zbekistonning boy va betakror tarixi hamda madaniyatini keng namoyish etish imkoniyati yaratilganini qayd etdi.

Ekspozitsiyada So‘g‘d savdosining muhim markazlaridan biri bo‘lgan Samarqandga alohida eʼtibor qaratilgan. Taqdim etilgan eksponatlar orasida O‘zbekiston va Yaponiya qo‘shma arxeologik ekspeditsiyalari natijasida Kofirqalʼa yodgorligidan topilgan noyob ashyolar ham o‘rin olgan.

Taʼkidlanganidek, mazkur ko‘rgazma ikki mamlakat o‘rtasida arxeologiya, restavratsiya va muzeyshunoslik sohalaridagi ko‘p yillik ilmiy hamkorlik natijalarini namoyish etadi. Loyiha doirasida maʼruzalar, seminarlar, mahorat darslari, kino namoyishlari va boshqa madaniy tadbirlarni o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

Shu yil 19 martdan 2 iyungacha davom etadigan ko‘rgazma davomida nafaqat O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini targ‘ib qilish, balki Yaponiya bilan madaniy va ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash hamda yangi qo‘shma loyihalarni rivojlantirish rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish