Logo

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildilar

Mart 24, 2026. 18:33 • 2 daq

29
O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildilar
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi

TOSHKENT, 24-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yana-da rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 10 foizga o‘sib, 13 milliard dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa yana 32 foizga ko‘paydi.

Sanoat, energetika, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish davom etmoqda.

O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning samarali faoliyatiga yuksak baho berildi.

Tomonlar kooperatsiyaning yangi shakl va loyihalarini ilgari surish uchun samarali maydonga aylangan “INNOPROM Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining navbatdagisini joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazishga faol tayyorgarlik ko‘rayotgani taʼkidlandi.

Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Ukrainadagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Bo‘lajak tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish