Logo

Bokuda o‘zbek kashtachilik san’atining nodir namunalari namoyish etilmoqda

Mart 17, 2026. 09:17 • 2 daq

166
Bokuda o‘zbek kashtachilik san’atining nodir namunalari namoyish etilmoqda

BOKU, 17-mart. /“Dunyo” AA/. Boku shahridagi Ozarbayjon Milliy san’at muzeyida “So‘zananing yaralishi” nomli ko‘rgazma o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur madaniy tadbir “Hunarmand” uyushmasi, taniqli kashtado‘z Madina Qosimboyeva va san’atshunos Binafsha Nodir hamkorligida tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Ozarbayjon madaniyat vaziri o‘rinbosari Saadat Yusifova, Milliy Majlis deputatlari Ganira Efendiyeva, Xidjran Guseynova, Nigyar Mammadova, Xalqaro turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aqtoti Raimqulova hamda ilm-fan va san’at arboblari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining madaniy yaqinligi, hunarmandchilik an’analarining umumiy ildizlarga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Ekspozitsiyada tashrif buyuruvchilarga so‘zana yaratishning murakkab va zahmatli jarayoni — ­iplarni tayyorlash va tabiiy bo‘yashdan tortib, naqshlarni matoga tushirish va ularni “jonlantirish” sirlarigacha namoyish etildi.

Tadbirda Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va boshqa kashtachilik maktablarining o‘ziga xos xususiyatlari, ulardagi ramzlar xalqimizning tarixi va yashash tarzi bilan naqadar bog‘liq ekani haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbek hunarmandchiligining ushbu namoyishi Ozarbayjonning “Trend”, “Day.az” va “Novaya Epoxa” kabi yetakchi axborot portallarida keng yoritildi. Madaniy ko‘prik vazifasini o‘tovchi mazkur ko‘rgazma joriy yilning 30-apreliga qadar davom etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish