“Al-Nahar”: O‘zbekiston qadimiy sivilizatsiyalar merosini XXI asr texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirmoqda
Dekabr 18, 2025. 12:38 • 2 daq
• 169
AL-KUVAYT, 18-dekabr. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining nufuzli “Al-Nahar” nashrida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi rahbari Umid Shodiyevning O‘zbekistonning sayyohlar uchun ochiq va xavfsiz mamlakat sifatida Markaziy Osiyo mintaqasida yangi turizm markaziga aylanib borayotgani haqidagi intervyusi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekistonda 2025-yil yanvar–sentyabr oylarida xorijiy sayyohlar soni yuqori darajada o‘sib, 8,6 million nafarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 112,5 foizga ortiq, degani. Turizmdan tushgan daromad esa 3,6 milliard dollarni tashkil etmoqda”, – deydi Umid Shodiyev.
Taʼkidlanishicha, Xitoydan kelgan sayyohlar soni 3,5 baravar, Fransiyadan 1,3 baravar, AQSh, Ispaniya va Turkiyadan 1,2 baravar, Germaniya, Italiya, Malayziya va Hindistondan 1,1 baravar oshgan. Bu turizmni bozorining sezilarli darajada kengayganini bildiradi.
Umid Shodiyevga fikricha, infratuzilmani modernizatsiya qilish sohaning muvaffaqiyatida hal qiluvchi omil bo‘ldi. 2025 yilda 421 ta yangi loyiha amalga oshirildi va 6 ming 300 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Eng muhim yutuqlar qatorida Germaniya investitsiyasi bilan Toshkentda “Marriott” mehmonxonasining ochilishi, Bo‘stonliq tumanida “Bildirsoy Resort” chang‘i majmuasining foydalanishga topshirilishi, Aydar-Arnasoy ko‘li atrofida qirg‘oqbo‘yi kurort loyihasining ishga tushirilishi hamda Samarqand, Buxoro va Xivadagi tarixiy markazlarning qadimiy meʼmoriy xususiyatlari saqlab qolingani bo‘ldi.
“Turar joy sektori jadal rivojlanmoqda, mehmonxona sanoatida o‘sish kuzatilmoqda. So‘nggi to‘qqiz oy ichida 836 ta yangi muassasa, jumladan, 106 ta yangi mehmonxona, 460 ta oilaviy mehmonxona, 226 ta xostel va 47 ta boshqa turdagi turar joy ochildi. Bu esa jami 177 ming o‘rinli 6 ming 691 ta muassasaga yetdi. “Marriott”, “Swissôtel”, “DoubleTree by Hilton” va “Azimut” kabi global brendlar Toshkent, Samarqand va Buxoroda kengayishni boshladi. Bu xizmat ko‘rsatish standartlari va sifatini oshirdi”, – deya taʼkidladi qo‘mita rahbari.
“O‘zbekiston qadimiy sivilizatsiyalar merosini XXI asr texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirmoqda. Biz Markaziy Osiyodagi yetakchi sayyohlik markazlaridan biri sifatidagi mavqemizni mustahkamlash uchun ishonch bilan harakat qilib, kelgusida yangi yo‘nalish va xizmatlarning ishga tushirilishi bilan yanada rivojlanishni istaymiz”, – deya xulosa qilingan “Al-Nahar” nashrida berilgan intervyuda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida