Logo

AQShning “Gulf” kompaniyasi O‘zbekistonda 100 ta zamonaviy yoqilg‘i quyish shoxobchasi quradi

Fevral 25, 2026. 18:56 • 2 daq

75
AQShning “Gulf” kompaniyasi O‘zbekistonda 100 ta zamonaviy yoqilg‘i quyish shoxobchasi quradi

KIYEV, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Amerikaning mashhur “Gulf” kompaniyasi O‘zbekistonda zamonaviy yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini tashkil etish va aviatsiya sohasini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ukrainaning “Fixygen” nashriga ko‘ra, bu haqda kompaniya vitse-prezidenti Kreyg Kramer Vashingtonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSh ishbilarmon doiralari va moliyaviy institutlari vakillari bilan uchrashuvida maʼlum qilgan.

Taʼkidlanishicha, kompaniya yaqin ikki yil ichida O‘zbekiston bo‘ylab g‘arb standartlariga to‘la javob beradigan kamida 100 ta zamonaviy yoqilg‘i quyish shoxobchasini ishga tushirishni maqsad qilgan. Loyihaning birinchi bosqichida chakana aktivlarni rivojlantirish uchun kamida 150 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi. Ushbu obyektlar nafaqat yuqori sifatli yoqilg‘i bilan taʼminlaydi, balki avtomagistrallar bo‘ylab sayyohlar va tranzit tashuvchilar uchun maxsus transport markazlarini ham o‘z ichiga oladi.

Investitsiya loyihasi ijtimoiy ahamiyatga ham ega bo‘lib, har bir obyektda kamida 30 tadan, jami esa O‘zbekiston fuqarolari uchun 3000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

“Gulf” kompaniyasining navbatdagi strategik yo‘nalishi aviatsiya sohasi bo‘lib, “Gulf Aviation” orqali tarmoqqa 50 million dollar sarmoya yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar O‘zbekistonning jadal o‘sib borayotgan aviatsiya bozorini xavfsiz va barqaror yoqilg‘i bilan taʼminlash hamda mahalliy va xalqaro aviakompaniyalar uchun ishonchli taʼminot tizimini yaratishga xizmat qiladi.

Loyiha doirasida “Gulf” kompaniyasining Markaziy Osiyodagi operatsion bazasi Toshkent shahrida joylashtiriladi. Bu qadam O‘zbekistonning mintaqaviy logistika va chakana infratuzilma markaziga aylanishi yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ladi. Maʼlum qilinishicha, shoxobchalar uchun yoqilg‘i mahsulotlari Respublika tovar-xomashyo birjasi orqali hamda import asosida yetkazib beriladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish