“Business Central Asia”: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yetakchi investitsiya xabi maqomini mustahkamlamoqda
Iyun 04, 2026. 09:55 • 2 daq
• 143
DЕHLI, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Hindistonning “Business Central Asia” ishbilarmonlik nashrining may oyi sonida O‘zbekistondagi serqirra moliyaviy va iqtisodiy islohotlarga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu maqola xalqaro institutlar tomonidan mamlakatimizning mintaqadagi eng izchil investitsiya maydonchalaridan biri sifatida qabul qilinayotganini ko‘rsatadi.
Jurnal xalqaro moliya institutlari bilan izchil hamkorlikni O‘zbekistondagi o‘zgarishlar jarayonining asosiy omillaridan biri sifatida qayd etgan.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) so‘nggi olti yil davomida O‘zbekistondagi eng yirik institutsional investor bo‘lib qolmoqda va u 2025-yilda 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ kiritdi. YETTB tomonidan moliyalashtirish barqaror infratuzilma, “yashil” energetika, xususiy sektor va moliya tizimini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, nashr bahosiga ko‘ra, bu O‘zbekistonning uzoq muddatli institutsional kapital uchun jozibadorligi ortib borayotganini anglatadi.
Maqolada xususiylashtirish jarayoniga iqtisodiy modernizatsiyaning markaziy elementi sifatida alohida e’tibor qaratilgan. 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan dasturga muvofiq, O‘zbekiston 29 ta yirik davlat korxonasini ommaviy kimoshdi savdolari orqali sotishga, shuningdek, 12 ta kompaniyani ichki va xalqaro kapital bozorlarida IPO va SPOga chiqarishga tayyorlamoqda. Bu ro‘yxatga bank sektori, metallurgiya, energetika, aviatsiya, telekommunikatsiya va transport sohalaridagi strategik aktivlar kiritilgan.
Jurnal, shuningdek, tarkibiy islohotlar tufayli investitsiya muhiti yaxshilanganini ham qayd etgan. Bularga raqobatni rivojlantirish, savdoni liberallashtirish, xususiy sektorning energetika va infratuzilmadagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, global bozorlarga integratsiyalashuvni jadallashtirish chora-tadbirlari taalluqlidir.
“Business Central Asia” ishbilarmonlik jurnalidagi ushbu maqola xalqaro ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonni global kapital bozorlari bilan chuqurroq integratsiyalashuvga va xususiy sektor yetakchi rol o‘ynaydigan raqobatbardosh o‘sish modeliga strategik burilish yasayotgan mamlakat sifatida qabul qilayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Yosh aholi, o‘sib borayotgan ichki bozor va salmoqli resurs bazasi izchil islohotlar bilan bir qatorda uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish va xorijiy investitsiyalar oqimi uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Pokiston ommaviy axborot vositalari O‘zbekistondagi “Mehr” gumanitar operatsiyalarining yakunlari haqida yozmoqda



