“Diplomatic Watch”: O‘zbekistonning AQSH bilan munosabatlari uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishga bo‘lgan qiziqish bilan ajralib turadi
Iyul 21, 2026. 11:30 • 3 daq
• 207VASHINGTON, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSHning nufuzli “Diplomatic Watch” nashrida O‘zbekiston-Amerika hamkorligini rivojlantirishga, shuningdek, mamlakatimizda diniy erkinlik, taʼlim va iqtisodiyot sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan turkum maqolalar chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Vashingtonga tashrif O‘zbekistonning AQSH bilan iqtisodiy sherikligi kengayayotganini ko‘rsatdi” sarlavhali maqolasida O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqovning ikki tomonlama munosabatlar bugungi kunda tarixdagi eng yuqori darajada ekani haqidagi so‘zlarini keltiradi. Taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda o‘zaro tovar aylanmasi hajmi 1 milliard dollardan oshdi, joriy yil yakunlariga ko‘ra esa uning 2 milliard dollargacha o‘sishi kutilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston mahsulotlarining Amerika bozoriga eksporti sezilarli darajada oshdi.
Maqola muallifi Viktor Gotevbe ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikdagi sifat o‘zgarishlariga ham eʼtibor qaratadi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston nafaqat xorijiy investitsiyalarni qabul qiluvchi, balki investor sifatida ham faolroq chiqish qilib, Amerika bozoridagi o‘z ishtirokini kengaytirmoqda. Shuningdek, Amerika biznesining O‘zbekistonga ortib borayotgan qiziqishi alohida taʼkidlanadi, bunga AQSH kompaniyalarining eng yirik delegatsiyasi tashrifi va yangi qo‘shma investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi yorqin misoldir.
“Diplomatic Watch” maʼlumotlariga ko‘ra, iqtisodiy hamkorlikning mustahkamlanishi siyosiy muloqot, institutsional hamkorlikning izchil rivojlanishi hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, diniy erkinlikni taʼminlash va jamiyat hayotini yana-da demokratlashtirishning qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga kechmoqda.
“O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi doktor Muzaffar Komilov O‘zbekistonning diniy erkinlik va taʼlim islohotiga yondashuvini tushuntirib berdi” nomli ikkinchi maqolada Yangi O‘zbekiston konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan gumanitar o‘zgarishlarga alohida eʼtibor qaratilgan.
Nashrning qayd etishicha, doktor Muzaffar Komilov xalqaro auditoriyaga mamlakatimizning ochiqlik, konfessiyalararo totuvlik va xalqaro hamkorlik tamoyillariga asoslangan yondashuvini taqdim etdi. O‘zbekistondagi islohotlar nafaqat iqtisodiyotni, balki vijdon erkinligini taʼminlash, taʼlim, fan va akademik almashinuvlarni rivojlantirish masalalarini ham qamrab olayotgani alohida taʼkidlanadi.
Maqola muallifi O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotganini va o‘zaro hurmat hamda bag‘rikenglik muhitini saqlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etadi.
Mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosiga hamda Sharqning buyuk mutafakkirlari ilmiy merosini o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha muhim xalqaro maydon sifatida qaralayotgan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, O‘zbekiston tomonining xorijiy universitetlar, tadqiqot markazlari va ekspertlar hamjamiyati bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligi taʼkidlangan.
Xulosa o‘rnida yozilishicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mamlakatning xalqaro obro‘-eʼtiborini mustahkamlashga, Qo‘shma Shtatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga hamda iqtisodiy, taʼlim va gumanitar sohalarda uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




