Muhammad Said Amur al-Hajariy: O‘zbekiston tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar asosida taqdim etishda yorqin namunadir
Iyul 21, 2026. 15:00 • 2 daq
• 172
MASKAT, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 7–11-iyul kunlari ISESCO bilan hamkorlikda “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-maʼrifat yo‘li” mavzusida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchisi, O‘mon Sultonligi Davlat kengashi aʼzosi, senator doktor Muhammad Said Amur al-Hajariy o‘zining “X” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida anjuman haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Senatorning taʼkidlashicha, dunyoning 80 mamlakatidan din arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, mutafakkirlar va ekspertlar qatnashgan ushbu nufuzli anjuman sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlash hamda bag‘rikenglik va maʼrifat g‘oyalarini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘monlik martabali mehmon forum davomida O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy yondashuv asosida namoyon etish tajribasi bilan yaqindan tanishganini bildirdi. Uning fikricha, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Samarqand va Termizdagi ilmiy-maʼrifiy maskanlar buyuk ajdodlar merosini yangi avlodga yetkazish hamda tarixni zamonaviy texnologiyalar yordamida jozibador shaklda taqdim etishning yorqin namunasidir.
Shuningdek, doktor Muhammad al-Hajariy forum doirasida “Islom sivilizatsiyasida intellektual salohiyat: tarixiy tajriba va uning namunalari” mavzusidagi maʼruzasida O‘zbekistonning Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlari tajribasiga to‘xtalganini maʼlum qildi. U Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini milliy taraqqiyot va umummilliy birlikni mustahkamlashga qaratilgan oqilona yondashuvning amaliy ifodasi sifatida eʼtirof etdi.
“Meni alohida quvontirgan jihatlardan biri — O‘mon Sultonligiga, uning tarixi, madaniyati va bag‘rikenglikka asoslangan siyosatiga bildirilgan yuksak hurmat bo‘ldi. O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi madaniy hamkorlik xalqlarimizning umumiy maʼnaviy qadriyatlariga tayanadi”, — deb yozdi senator.
Samarqand va Termiz shaharlaridagi uchrashuvlar davomida o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va bag‘rikengligini yana bir bor his etganini bildirib, boy tarixga ega O‘zbekiston bundan buyon ham Islom olami va butun insoniyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda davom etishiga ishonch bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi