“Diplomatic Watch”: O‘zbekiston Jahon chempionatiga yo‘l olib, sport diplomatiyasida yangi bosqichni boshladi
May 06, 2026. 14:25 • 3 daq
• 83
VASHINGTON, 6-may /“Dunyo” AA/. AQSHdagi nufuzli “Diplomatic Watch” xalqaro tahliliy platformasida “O‘zbekistonning Jahon chempionatiga yo‘llanma olishi sport diplomatiyasida yangi bosqichni boshlab bermoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatiga yo‘llanmasi turnirdagi ilk ishtiroki bo‘ladi. O‘zbekistonning Jahon chempionatiga tarixiy yo‘llanmani qo‘lga kiritishi, nafaqat muhim sport yutug‘i, balki mamlakatning rivojlanib borayotgan sport diplomatiyasida yangi bosqichni boshlab berdi.
Ushbu muvaffaqiyat bir martalik natija emas, balki uzoq muddatli va tizimli yondashuv samarasidir. Jumladan, yoshlar futbolini rivojlantirish, sport infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish ushbu yutuqning muhim omillari sifatida eʼtirof etilgan. Shu nuqtai nazardan, futbol tobora O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshiruvchi muhim vositaga aylanib bormoqda.
Platformada shuningdek, xorijda, xususan Yevropa chempionatlarida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar haqida ham to‘xtalib o‘tilgan. Jumladan, Abduqodir Husanov xalqaro maydondagi o‘yinlari orqali eʼtibor qozonayotgani, tajribali hujumchi Eldor Shomurodov esa milliy terma jamoada yetakchilik va barqarorlikni taʼminlayotgani taʼkidlangan. Isteʼdodli yosh futbolchi Abbosbek Fayzullayev esa zamonaviy futbol talablariga moslashib borayotgan yangi avlod vakili sifatida eʼtirof etilgan.
Manbaga ko‘ra, yoshlar terma jamoalarining izchil muvaffaqiyatlari ham ushbu taraqqiyotda muhim o‘rin tutadi. Jumladan, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi 2018-yilda Osiyo chempioni bo‘lgan, U-20 jamoasi 2023-yilda Osiyo kubogini qo‘lga kiritgan, U-17 jamoasi esa 2025-yilda Osiyo chempioniga aylangan. Bu natijalar yoshlar tizimi bilan milliy terma jamoa o‘rtasida uzviy bog‘liqlik shakllanganini ko‘rsatadi.
Nashrda qayd etilishicha, sport infratuzilmasi, murabbiylik tizimi va futbol akademiyalariga yo‘naltirilgan izchil investitsiyalar mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli modernizatsiya jarayonlari bilan uyg‘un holda amalga oshirilmoqda. Bu O‘zbekistonning jahon futbolidagi ishtirokini kengaytirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tahlilchilarga fikricha, milliy terma jamoaning xalqaro maydondagi ishtiroki endilikda faqat sport natijalari bilan cheklanib qolmaydi. Har bir o‘yin va ishtirok mamlakatning xalqaro qiyofasini shakllantirish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda keng auditoriyani jalb etish imkonini beradi.
“Diplomatic Watch” nashri O‘zbekiston futbolining yuksalishini uzoq muddatli strategik rejalashtirish va xalqaro hamkorlik samarasi sifatida baholaydi. Ushbu jarayon esa sport orqali diplomatiya, madaniy almashinuv va milliy o‘zlikni namoyon etish imkoniyatlarini yana-da kengaytirayotgani alohida qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi