“Diplomacy Journal”: Markaziy Osiyo suv taqchilligiga qarshi yangi yechimlar izlamoqda
May 06, 2026. 15:25 • 2 daq
• 79
SEUL, 6-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlar fonida suv diplomatiyasini kuchaytirmoqda va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirmoqda, deb xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri Janubiy Koreyaning “Diplomacy Journal” nashriga tayanib.
Suv resurslari tanqisligi kuchayib borayotgan bir sharoitda mamlakat sohani kompleks modernizatsiya qilmoqda. Jumladan, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilmoqda, boshqaruv raqamlashtirilmoqda va infratuzilma yangilanmoqda. So‘nggi yillarda bunday texnologiyalar tatbiq etilgan yerlar maydoni 2,6 million gektardan oshdi. 2030-yilga borib esa har yili 15 milliard kub metrgacha suv tejalishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, rasmiy Toshkent xalqaro hamkorlikni ham faol rivojlantirmoqda. Orolbo‘yi mintaqasini ekologik sog‘lomlashtirish asosiy yo‘nalishga aylandi. U yerda qariyb 2 million gektar maydonda yangi suv havzalari va o‘rmonzorlar barpo etildi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tarmog‘i kengayib, bu ekotizimning tiklanishiga hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston, shuningdek, qo‘shni mamlakatlar bilan transchegaraviy suv resurslarini birgalikda boshqarish, jumladan, suv omborlari va gidroenergetika bo‘yicha loyihalarni ham ilgari surmoqda. Maʼlumotlar almashish va ekspert platformalarini yaratish orqali Afg‘oniston bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jurnalning taʼkidlashicha, suv diplomatiyasi butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanish va barqarorlikni taʼminlashning muhim vositasiga aylanib bormoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi