“Forbes.ru”: O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun jozibador yo‘nalishga aylanmoqda
Iyul 13, 2026. 09:30 • 2 daq
• 187
MOSKVA, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning nufuzli “Forbes.ru” elektron nashrida “Toshkent orqali chiqish: O‘zbekiston xorijiy investorlarni qanday jalb etmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada so‘nggi yillarda O‘zbekiston salmoqli iqtisodiy yutuqlarga erishgani, jumladan, 2025-yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 7,7 foizga o‘sib, 147 milliard dollarni tashkil etgani qayd etilgan. Raqamlashtirish darajasining yuksalishi mamlakatga Jahon bankining Davlat texnologiyalari yetukligi indeksida to‘qqizinchi o‘rinni egallash imkonini berdi. “Davlat xizmatlari” tizimi JSHSHIRni tezda olish va biznesni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatini taqdim etib, raqobatbardosh tizimga aylandi.
Nashrda tadbirkorlik maxsus zonalar tashkil etish orqali qo‘llab-quvvatlanayotgani, bunga Qoraqalpog‘istonda AKT sohasidagi loyihalar uchun yaratilgan sharoitlar misol bo‘lishi haqida so‘z yuritilgan. Rezidentlar 2040-yilgacha soliqlardan ozod etilib, elektr energiyasi uchun imtiyozlar yaratilgan. Alkogol va tamaki mahsulotlari savdosiga qo‘yilgan cheklovlarning bekor qilinishi bilan bog‘liq vaziyat ham ijobiy tomonga o‘zgargan.
Iqtisodiyotning o‘sishi va biznesning qo‘llab-quvvatlanishi Rossiya kompaniyalarini o‘ziga jalb qilmoqda va buni O‘zbekistonga ishbilarmonlik safarlarining 20 foizga ortgani tasdiqlaydi. Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv hamda xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlar tufayli O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish yanada ortmoqda.
2027-yilda Toshkentda umumiy huquq normalari asosida faoliyat yuritadigan va 2076-yilgacha soliq imtiyozlarini taklif etadigan Toshkent xalqaro moliya markazi ochiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. Bu esa xalqaro biznes uchun sharoitlarni yanada yaxshilaydi.
Mamlakat jahonning yetakchi davlatlari bilan munosabatlarni, jumladan, sarmoya jalb etish bo‘yicha AQSH bilan platformani va turizm sohasida Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirayotgani bois xorijiy investitsiyalar oqimining o‘sishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, yaqin yillarda Rossiya 5 milliard dollargacha sarmoya kiritishi mumkin va bu ham yirik, ham kichik va o‘rta korxonalarning rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi