“The World News”: O‘zbekiston va Belarus sherikligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi
Iyul 12, 2026. 15:00 • 2 daq
• 111
ISLOMOBOD, 12-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” onlayn nashrida “O‘zbekiston va Belarus: barqaror hamkorlik va rivojlanishning strategik istiqbollari” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif ta’kidlaganidek, bugungi kunda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va pragmatizm tamoyillari asosida izchil rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, 2017-yildan boshlab ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqot sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
“Shu bilan birga, o‘zbek–belarus munosabatlarining barqaror rivojlanishida siyosiy o‘zaro anglashuvning yuqori darajasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Tomonlar shakllantirgan konstruktiv hamkorlik mexanizmi eng keng doiradagi masalalar yuzasidan qo‘shma harakatlarni samarali muvofiqlashtirish imkonini bermoqda”, deb yozilgan maqolada.
Shuningdek, maqolada hududlararo hamkorlik jadal rivojlanayotgani qayd etilgan. Ikki mamlakat viloyatlari va shaharlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri sheriklik aloqalari amaliy tashabbuslarning muhim manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Aynan shu darajada aniq ishlab chiqarish zanjirlari, ta’lim sohasidagi hamkorlik va madaniy almashinuvlar shakllanmoqda.
Maqolada ta’kidlanganidek, ushbu yo‘nalishning barqarorligi ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi muntazam aloqalar bilan ham tasdiqlanmoqda. 2017-yildan buyon O‘zbekiston va Belarus hududlari vakillari ishtirokida 40 dan ortiq o‘zaro tashrif amalga oshirildi.
Buning yorqin misoli sifatida 2025-yilda Navoiy va Orsha, Termiz va Polotsk shaharlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolanganini keltirish mumkin. Mazkur kelishuvlar shaharlar o‘rtasidagi aloqalarga barqaror va amaliy tus bag‘ishladi.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda ularning rivojlanishi faqat alohida ko‘rsatkichlar dinamikasi bilan emas, balki uzoq muddatli barqaror hamkorlik mexanizmlarining shakllanishi bilan ham belgilanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi