“The News” gazetasi: O‘zbekistonning bozorga yo‘naltirilgan, xususiy sektor ishtiroki va investitsiyani rag‘batlantiruvchi iqtisodiy modeliga eʼtibor qaratish kerak
Yanvar 06, 2026. 11:03 • 4 daq
• 3124
ISLOMOBOD, 5-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The News” gazetasida “O‘zbekistonning iqtisodiy transformatsiyasi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda avvalida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston 1991-yil avgust oyida mustaqillikka erishgani va vaqt o‘tishi bilan ushbu davlatlar taraqqiyotning turli bosqichlarini boshdan o‘tkazgani va so‘nggi 25–30 yil ichida kuchli iqtisodiyotga aylangani taʼkidlangan.
“O‘zbekiston bu borada yorqin misol hisoblanadi. Ilgari mamlakat iqtisodiyoti davlat tomonidan boshqariladigan, paxta va tabiiy resurslarga qattiq bog‘liq bo‘lgan agrar-industrial tizim edi. Bugun esa O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal o‘sish bosqichida bo‘lib, xizmatlar va sanoat sohalarida barqaror o‘sishga ega, yalpi ichki mahsulot va aholi turmush darajasi sezilarli darajada oshgan, diversifikatsiyalashga va bozorga yo‘naltirilgan tizimga aylanmoqda”, – deb yozgan muallif Majid Aziz.
U, shuningdek, O‘zbekistonda so‘nggi 7–8 yilda izchil tarzda amalga oshirilgan islohotlar natijasida iqtisodiyot liberallashtirilib, misli ko‘rilmagan taraqqiyotga yo‘l ochilganini urg‘ulagan. Pragmatik davlat siyosati orqali xorijiy investorlar faol jalb etilmoqda – mustaqil energetika tartibga solishdan tortib strategik sohalardagi yirik xususiylashtirish loyihalarigacha. Ushbu jarayonga boshchilik qilayotgan asosiy dastur – mamlakat iqtisodiyotining har bir jabhasini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan, kelajakka yo‘naltirilgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasidir.
Maqolada O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayevning quyidagi fikrlari keltirilgan: “2017-2025-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti tarkibida tub o‘zgarishlar kuzatildi. Bunday yuksak o‘zgarishlar bevosita Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti etib saylanishi bilan bog‘liq. Davlatimiz Rahbari rahnamoligida O‘zbekistonda milliy iqtisodiyotning barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan modernizatsiya va diversifikatsiya jarayonlarini aks ettiruvchi muhim sohaviy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bunday keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatimiz iqtisodiyoti yangidan shakllandi, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoya kengaytirildi, qonun ustuvorligini taʼminlandi. 2025-yilda tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Joriy yil eksport hajmi 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi taʼkidlandi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi esa 43,1 milliard dollarga yetdi. Yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren reytingini “BB-”dan “BB” pog‘onasiga ko‘tardi. Eʼtiborlisi, yurtimizdagi iqtisodiy islohotlarning natijasi O‘zbekiston taraqqiyoti va aholi farovonligini oshirishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda”.
Muallif yozganidek, jahon miqyosida tan olinishning asosiy mezonlaridan biri – bu xorijiy investorlar qiziqishidir. So‘nggi yetti yil ichida O‘zbekistonga 120 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritildi, shundan 37 milliard dollari faqat 2024-yil hissasiga to‘g‘ri keladi. Investitsiya oqimining o‘sishi davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchning ortishi, shuningdek, xorijiy kompaniyalarni jalb etishga qaratilgan aniq tashabbuslar bilan birga qonunchilik bazasining izchil takomillashuvi bilan bog‘liq.
“Ayniqsa, qayta tiklanuvchi energetika va konchilik kabi strategik ahamiyatga ega sohalarga katta eʼtibor qaratilmoqda – bu sohalar yirik xalqaro korporatsiyalar uchun jozibalidir. Shu bilan birga, 10 foizdan past foiz stavkalari iqtisodiy faollikni kuchaytirib, mahalliy va xorijiy biznes uchun kreditlarga keng yo‘l ochmoqda. Puxta moliyaviy boshqaruv va YIM o‘sishining 6,0–7,0 foiz darajasida saqlanishi O‘zbekistonga 60 milliard dollarga yaqin oltin-valyuta zaxiralarini shakllantirish imkonini berdi. Shuningdek, O‘zbekiston 2026-yilda qo‘shimcha 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilishga qaratilgan yangi investitsiya siyosati ustuvor yo‘nalishlarini eʼlon qildi”, – deya qayd etilgan manbada.
Nashrda O‘zbekiston–Pokiston ikki tomonlama munosabatlari mustahkamlanayotgani taʼkidlangan. 2024-yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 400 million AQSh dollarga yetgan bo‘lsa-da, eng qulay sharoitlar rejimi va Imtiyozli savdo bitimi mavjud bo‘lishiga qaramasdan, savdo salohiyati hali to‘liq ishga solinmagan.
“Pokiston O‘zbekiston tajribasidan ko‘p narsa o‘rganishi mumkin. Bozorga yo‘naltirilgan, xususiy sektor ishtiroki va investitsiyani rag‘batlantiruvchi iqtisodiy modelga ustuvor ahamiyat berish lozim. Masalan, Toshkent qo‘shilgan qiymat solig‘i, korporativ daromad solig‘i va mulk solig‘ini 20 foizdan 12 foizga tushirganida, davlat xazinasiga tushumlar ikki barobarga oshdi. Pokiston O‘zbekiston tajribasidan saboq olib, o‘sishga to‘siqlarni bartaraf etish va bozor mexanizmlariga erkin ishlash imkoni berish orqali iqtisodiy farovonlikka erisha oladi”, – deb yozilgan materialda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi