“Global Korea Post”: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning raqamli xabiga aylanmoqda

Avgust 21, 2026. 09:30 • 2 daq

177
“Global Korea Post”: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning raqamli xabiga aylanmoqda

SEUL, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “Global Korea Post” nashrida O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot va yuqori texnologiyalar sohasidagi salohiyati hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi texnologik hamkorlikka bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston – Janubiy Koreya aloqalari telekommunikatsiyalar, elektron hukumat, sunʼiy intellekt, sog‘liqni saqlash va taʼlim kabi yo‘nalishlarni qamrab olgani qayd etilgan. Muallifga ko‘ra, avval amalga oshirilgan infratuzilmaviy loyihalar bugun yangi texnologik tashabbuslar uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Maqolada Koreyaning “EDCF” fondi ko‘magida milliy data-markazlar tashkil etilgani, telekommunikatsiya uskunalari yetkazib berilgani va optik tolali kabel ishlab chiqarish mahalliylashtirilgani keltirilgan. Shuningdek, “IT Park Uzbekistan” da Koreya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni ortib, raqamli xizmatlarni Koreya bozoriga eksport qilish hajmi o‘sib borayotgani taʼkidlangan.

Taʼlim sohasida esa “KOICA” hamda yetakchi oliy taʼlim muassasalari ishtirokida kadrlar tayyorlash va innovatsion loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilayotgani alohida urg‘ulangan.

Shuningdek, nashrda O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklikni sunʼiy intellekt va raqamli hukumat yo‘nalishlarida yana-da kengaytirish rejalari haqidagi fikrlari ham keltirgan.

Muallif xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonning Janubiy Koreya bilan texnologik sheriklik tajribasi mamlakatning Markaziy Osiyoda raqamli markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlab, ilg‘or yechimlarni butun mintaqaga tatbiq etish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish