O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari talabalari yurtimizning Rossiyadagi elchixonasida amaliyot o‘tamoqda
Avgust 21, 2026. 15:00 • 2 daq
• 76
MOSKVA, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida xalqaro munosabatlar, huquq, iqtisodiyot va menejment yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bir guruh talabalar mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasida malaka oshirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha 10-avgustdan 6-sentyabrga qadar davom etadi. Unda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 10 nafar iqtidorli talabasi ishtirok etmoqda.
Amaliyotchilar diplomatik vakolatxonaning siyosiy, savdo-iqtisodiy, protokol, konsullik bo‘limlari hamda matbuot xizmatiga biriktirilgan.
Elchixona xodimlari rahbarligida talabalar diplomatik va konsullik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishib, universitetda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Xususan, ular xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlarni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlarida ishtirok etib, diplomatik notalar hamda tahliliy maʼlumotnomalar loyihalarini tuzishda ko‘maklashmoqda. Shuningdek, axborot maydonining haftalik monitoringi va tahlilini olib borib, hujjatlar bilan ishlash jarayonlarida faol qatnashmoqda.
Konsullik bo‘limida amaliyotchilar fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish, pasport, vatanga qaytish guvohnomasi va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish hamda xorij fuqarolariga viza berish tartib-qoidalarini o‘rganmoqda.
Mazkur amaliyot talabalarning kasbiy bilimini oshirish, tahliliy va hujjatlar bilan ishlash, protokol yuritish hamda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati haqida aniq tasavvur shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi