Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Avgust 21, 2026. 12:14 • 2 daq

142
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

AR-RIYOZ, 21-avgust. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29-avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.

Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Taʼkidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.

“Amwaj” nashrida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni velosport federatsiyalari o‘rtasidagi sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilgani haqida ham maqola chop etilgan. Imzolangan Anglashuv memorandumi shosse, trek, tog‘ velosporti va “BMX”ni rivojlantirish, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, murabbiylar o‘rtasida tajriba almashish hamda yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirishni nazarda tutadi.

“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, daʼvat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.

Ushbu hujjat moʻtadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qurʼoni Karim maʼnolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish