“Global News Pakistan”: O‘zbekiston va Ozarbayjon raqamli texnologiyalar sohasida qo‘shma innovasion xab tashkil etmoqda

Oktabr 03, 2026. 15:30 • 2 daq

• 118
“Global News Pakistan”: O‘zbekiston va Ozarbayjon raqamli texnologiyalar sohasida qo‘shma innovasion xab tashkil etmoqda

ISLOMOBOD, 3-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Global News Pakistan” axborot agentligi saytida “O‘zbekiston va Ozarbayjon startaplar, investorlar va iste’dodlarni o‘ziga jalb qiluvchi xab yaratmoqda” sarlavhali maqolae’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, Toshkent va Boku nafaqat ikkita mustaqil texnologik markaz, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz innovasion ekotizimlarini o‘zaro bog‘lovchi muhim bo‘g‘inlar sifatida maydonga chiqmoqda.

Texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi zamonaviy hamkorlikning poydevori 2022-yil iyun oyida qo‘yilgan edi. O‘shanda Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Raqamli rivojlanish va transport vazirligi hamda Innovasion rivojlanish vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.

Pokiston OAVning yozishicha, shundan buyon ikki davlat raqamli hamkorligi tajriba almashish va institusional aloqalarni yo‘lga qo‘yish bosqichidan texnologik ekotizimlar o‘rtasidagi keng ko‘lamli amaliy sheriklik bosqichiga izchil o‘tdi.

“Hukumatlararo hamkorlikning rivojlanishi ikki mamlakat IT kompaniyalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning kengayishi bilan birga kechmoqda. 2026-yilning birinchi yarmi yakuniga ko‘ra, IT Park Uzbekistan rezidentlari orasida Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 16 taga yetdi”, – deyiladi materialda.

Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi korxonalar tomonidan ko‘rsatilgan eksport xizmatlari hajmi 2026-yilning birinchi yarmidayoq 2,5 million dollardan oshgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2025-yil davomidagi umumiy hajmdan ham yuqorini tashkil etadi. Mazkur kompaniyalarda jami 172 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston raqamli xizmatlarining Ozarbayjon bozoriga eksporti ham jadal o‘sib bormoqda. Jumladan, 2026-yilning birinchi yarmida IT Park Uzbekistanning 21 ta kompaniyasi Ozarbayjonga xizmatlar eksport qildi. Bu yo‘nalishdagi eksport hajmi 1,2 million dollardan oshib, 1,34 million dollar deyarli yetdi.

Shuningdek, Ozarbayjon vakillarining O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va Park Ventures hamkorligida tashkil etilgan “Digital Startup Awards 2025” dasturida faol ishtirok etgani ham amaliy hamkorlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.

“Bugungi kungacha to‘plangan tajriba O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarida raqamli texnologiyalar sohasida yangi va istiqbolli yo‘nalish bosqichma-bosqich shakllanayotganini ko‘rsatmoqda”, – deya xulosa qilingan maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish