Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan IV O‘zbekiston-Belarus parlamentlararo forumi yakunlari Belarus OAV e’tibor markazida
Oktabr 03, 2026. 13:50 • 2 daq
• 137MINSK, 3-oktabr. /“Dunyo” AA/. Xiva shahrida yakuniga yetgan IV O‘zbekiston-Belarus parlamentlararo forumi Belarus axborot makonida asosiy mavzulardan biriga aylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatning yetakchi davriy nashrlari, telekanallari va axborot agentliklari keng ko‘lamli muloqotning ikki kunlik jarayonini keng yoritdilar. Xususan, “BELTA”davlat axborot agentligi va “Belarus segodnya” nashri forum doirasida umumiy qiymati 420 million belarus rubli (qariyb 140 million dollar) miqdoridagi 59 ta tijorat shartnomasi va kelishuvi imzolanganiga alohida e’tibor qaratdilar.
Ta’kidlanishicha, bu moliyaviy ko‘rsatkich o‘tgan yilgi forum natijalaridan qariyb ikki barobar yuqori bo‘lib, mashinosozlik, neft-kimyo, farmatsevtika, agrosanoat va yengil sanoat sohalarini qamrab oldi.
Belarus OAV, jumladan, “ONT”, STV va “Belarus 24” telekanallari O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova boshchiligidagi parlamentlararo maydon ikki mamlakat prezidentlarining strategik kelishuvlarini amaliy bosqichga muvaffaqiyatli ko‘chirayotganini ta’kidladilar.
Forum yakunida qabul qilingan Xiva deklaratsiyasi ikki tomonlama munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiquvchi institusional poydevor sifatida baholandi. Shuningdek, tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2030-yilga borib 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgani qayd etildi.
Mediaresurslar Xivadagi yangi Kongress-xollda tashkil etilgan “Made in Belarus” ko‘rgazmasini ham faol yoritdilar. Unda Belarusning 52 ta korxonasi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 550 dan ortiq kelishuvlar imzolangani, sog‘liqni saqlash va xotin-qizlar tadbirkorligi yo‘nalishlarida ham salmoqli natijalarga erishilgani e’tirof etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


