JICA granti loyihasi doirasida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga uskunalar topshirildi
Avgust 25, 2026. 11:30 • 2 daq
• 143
AR-RIYOZ, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. Islom hamkorligi tashkilotining Radio va televideniye ittifoqi (Union of Radio and Television of the OIC) saytida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan O‘zbekistonga taqdim etilgan grant loyihasi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, JICA va O‘zbekiston Madaniy meros agentligi “Buyuk Ipak yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlar orqali asrash” loyihasi doirasida muzeylar uchun zarur uskunalarni topshirish marosimini o‘tkazgan.
Loyiha mamlakatning madaniy meros obyektlarini himoya qilish va asrash borasidagi salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan. Tashabbus doirasida Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamda Termiz arxeologiya muzeyi madaniy va arxeologik ahamiyatga ega kolleksiyalarni arxivlash uchun zarur uskunalar bilan taʼminlandi.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi mamlakatdagi yetakchi muzeylardan biri bo‘lib, unda 340 mingga yaqin eksponat, jumladan, buddaviylik tarixiga oid arxeologik topilmalar saqlanadi. Muzey ekspozitsiyasida Markaziy Osiyo sivilizatsiyalarining tosh davridan boshlab rivojlanishini aks ettiruvchi arxeologik, tarixiy va etnografik materiallar namoyish etilgan.
Loyiha doirasida muassasalarga kompyuter uskunalari, skanerlar, fotokameralar va taqdimot texnikalari topshirildi. Shuningdek, mutaxassislarga tegishli maslahat xizmatlari ko‘rsatildi.
Maqolada qayd etilishicha, madaniy va tarixiy merosni raqamlashtirish uni uzoq muddat saqlash imkonini beradi. Raqamlashtirilgan materiallarni veb-saytlarga joylashtirish esa mahalliy va xorijiy foydalanuvchilarning ushbu noyob merosdan bahramand bo‘lish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi