“Sada El Balad” AA: O‘zbekiston sportni madaniy diplomatiyaning samarali vositasiga aylantirmoqda
Avgust 25, 2026. 09:00 • 2 daq
• 167
QOHIRA, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. Misrning “Sada El Balad” axborot agentligida O‘zbekistonning sportni madaniy diplomatiya va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning samarali vositasi sifatida qo‘llash tajribasiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, yirik xalqaro sport tadbirlari mamlakatlarga nafaqat yutuqlarni namoyish etish, balki o‘z tarixi, madaniyati va milliy o‘ziga xosligini xalqaro jamoatchilikka keng tanitish imkonini ham beradi.
Materialda 2014-yildan buyon an’anaviy sport turlari, madaniy meros va sivilizatsiyalararo muloqotni o‘zida mujassam etib kelayotgan Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlariga alohida e’tibor qaratilgan. Unda ot sporti musobaqalari, milliy kurash va an’anaviy o‘yinlar xalqlarning boy madaniy merosini namoyon etuvchi muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan.
Shuningdek, maqolada Markaziy Osiyoning tarixan sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgani ta’kidlanib, O‘zbekistonning boy madaniy merosi mamlakatning sayyohlik salohiyatini yuksaltirish va xalqaro turistik aloqalarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi yozilgan.
Bundan tashqari, sportchilar, mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari va sayyohlarning tashrifi xizmatlar sohasi, milliy madaniyatni targ‘ib qilish, turizm hamda kreativ industriyani rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlangan.
Maqola yakunida sport va madaniyat turli jamiyatlar o‘rtasida muloqot va o‘zaro hurmatni kuchaytirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi