Rossiya OAV: Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi ittifoqchilik va amaliy integratsiyani chuqurlashtirishda tarixiy bosqich bo‘ldi
Avgust 25, 2026. 12:04 • 3 daq
• 169MOSKVA, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi hamda Toshkent shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazgan muzokaralari Rossiya ommaviy axborot vositalari tomonidan ittifoqchilik va amaliy integratsiyani chuqurlashtirishdagi tarixiy bosqich sifatida keng yoritilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrifning markaziy voqeasi davlat rahbarlari tomonidan ikki tomonlama munosabatlarni siyosiy ishonchning misli ko‘rilmagan darajasiga ko‘targan tarixiy shartnomaning imzolanishi bo‘ldi. Shuningdek, tomonlarning muhim mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha pozitsiyalari mosligi taʼkidlangan Oliy munosabatlar kengashining uchinchi majlisi o‘tkazildi hamda rahbarlar o‘zaro yuksak davlat ordenlari — Ilhom Aliyev O‘zbekistonning “Oliy Darajali Do‘stlik”, Shavkat Mirziyoyev esa Ozarbayjonning “Haydar Aliyev” ordeni bilan mukofotlandilar.
Ittifoqchilik munosabatlarining mustahkamlanishi, tovar aylanmasining o‘sishi hamda Yevroosiyo makonida xavfsizlik va logistikaning yangi arxitekturasi shakllanayotgani alohida taʼkidlanmoqda. Ilhom Aliyevning O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishning hayratlanarli surʼatlarini namoyish etayotgani va ilgari imzolangan ittifoqchilik shartnomalari ikki tomonlama aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqani haqidagi so‘zlari OAVda keng iqtibos keltirilmoqda.
Iqtisodiy integratsiya yo‘nalishida OAV energetika, transport, logistika va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi qo‘shma loyihalarga, jumladan, “O‘rta koridor”ni rivojlantirishga eʼtibor qaratmoqda. Xususan, “Interfaks” agentligi, “Kommersantʼ” va “Vedomosti” nashrlari so‘nggi yillarda tovar aylanmasining uch baravarga ortgani hamda 2030-yilga borib uni 1 milliard dollarga yetkazishdek ulkan maqsadga alohida urg‘u bermoqda.
Ekspertlar qo‘shma loyihalarning amaliy ijrosiga, jumladan, O‘zbekiston–Ozarbayjon investitsiya jamg‘armasi faoliyati, moliyaviy kooperatsiyaning kengayishi va infratuzilmaga kiritilayotgan sarmoyalarga alohida eʼtibor qaratmoqdalar.
“Komsomolskaya pravda” va “AiF” gazetalari “Interfaks”, “RIA Novosti” agentliklari Baku va Toshkentning Transkaspiy koridori salohiyatini rivojlantirish va logistika yo‘nalishlarini optimallashtirish bo‘yicha tashabbuslaridagi strategik mushtarakligini taʼkidlamoqda. Rossiya media maydonida ushbu tashrif bir vaqtning o‘zida ham ikki tomonlama ittifoqchilikni siyosiy mustahkamlash, ham Kaspiy orqali yangi transport-logistika konturini rivojlantirishning amaliy qadami sifatida taqdim etildi.
Yangi Toshkent hududida “Ozarbayjon” parkiga tamal toshi qo‘yilgani, Nizomiy Ganjaviy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining ochilishi hamda ikki mamlakatning tarixiy shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilganiga alohida eʼtibor qaratilib, bu ikki elning yaqinlashuvidagi madaniy-gumanitar omilni yaqqol namoyon etgani qayd etildi.
Shuningdek, “Mir24” telekanali va “Vedomosti” nashri davlat rahbarlari tomonidan neft-kimyo, bank-moliya, kon-sanoat, energetika, kimyo va to‘qimachilik tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi hamda shaharsozlik sohalarida yangi qo‘shma loyihalarga start berilganini yoritdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




