Logo

O‘zbekistonning xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasidagi tajribasi BMT bosh qarorgohida taqdim etildi

Mart 16, 2026. 21:30 • 3 daq

77
O‘zbekistonning xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasidagi tajribasi BMT bosh qarorgohida taqdim etildi

NYU-YORK, 16-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston vakili BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiyaning 70-sessiyasi doirasidagi qo‘shimcha tadbirda nutq so‘zladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tadbir “Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda raqamli va intellektual texnologiyalardan foydalanish” mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbir Xitoy, Malayziya, Misr hamda BMTning “BMT-Ayollar” va YUNFPA tuzilmalari hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda BMTga aʼzo davlatlar va xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari, jumladan, Xitoy delegatsiyasi rahbari, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi huzuridagi Bolalar va ayollar ishlari bo‘yicha milliy ishchi qo‘mita raisi o‘rinbosari Lin I, Malayziyaning BMTdagi doimiy vakili doktor Ahmad Faysal Muhammad, Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha milliy kengash aʼzosi, Ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha Afrika alyansi rahbari doktor Amani Asfur so‘z yuritdi.

Qo‘shma tadbir ishida “BMT-Ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxus va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) ijrochi direktori o‘rinbosari Diyena Keyta fikr bildirdi.

Asosiy sessiya doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova maʼruza qildi. U o‘z nutqida raqamli transformatsiya sharoitida gender tenglikni ilgari surish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularning imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi O‘zbekiston tajribasini taqdim etdi.

Xususan, Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash, ayollarning raqamli savodxonligini oshirish, ularning innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi ishtirokini kengaytirish, zo‘ravonlik va kamsitishlarning oldini olishga qaratilgan kompleks davlat siyosati amalga oshirilayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston vakili algoritmik gender tarafkashligi, raqamli tengsizlik va onlayn makondagi zo‘ravonlik kabi raqamli davrning tahdidlariga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikning muhimligini taʼkidladi. Xotin-qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini taʼminlash uchun samarali huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar ayollar huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy xizmatlar sifatini yuksaltirish va xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish uchun sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar va boshqa raqamli yechimlardan foydalanish borasidagi ilg‘or xalqaro tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbekiston tomonining ushbu tadbirdagi ishtiroki mamlakatning gender tenglikni ilgari surish hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish yo‘lida xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilishga sodiqligini yana bir bor taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish