Toshkent va Panjob viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik yana-da kengaytiriladi
Mart 17, 2026. 09:00 • 3 daq
• 106
LAHOR, 17-mart. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Lahor shahrida Panjob viloyati qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Iftixar Ali Sahu hamda chorvachilik va sutchilik vazirining o‘rinbosari Axmed Aziz Tarar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot avvalida Pokiston tomoni 2023-yilda O‘zbekistonga amalga oshirilgan tashrifni iliq xotiralar bilan eslab o‘tdi. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini va ularni yuksak baholashini qayd etdi. O‘zbekistonda paxta yetishtirish va paxtachilik klasterlari faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgani alohida eʼtirof etildi.
O‘zbekistonning paxtachilik klasterlarini rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribasini Pokistonda joriy etish masalasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini taʼkidlandi.
Mamlakatimiz vakillari Panjob viloyatining qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasidagi imkoniyatlari bilan tanishdi. Qayd etilishicha, Panjob viloyati mamlakatdagi eng yirik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi hudud hisoblanib, butun Pokistonda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qariyb 70 foizi aynan ushbu viloyat hissasiga to‘g‘ri keladi. Viloyatda asosan kartoshka, bug‘doy, shakarqamish, sitrus mevalar, guruch, makkajo‘xori va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi.
Chorvachilik sohasida ham Panjob viloyati yetakchi o‘rinni egallaydi. Xususan, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan sutning 62 foizi, qoramol go‘shtining 43 foizi, echki go‘shtining 33 foizi va parranda go‘shtining 65 foizi ushbu viloyat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Pokiston tomoni O‘zbekiston bilan sut, qoramol va parranda go‘shti eksport qilish, shuningdek, zotdor chorva mollarini yetishtirish maqsadida sunʼiy urug‘lantirish va genetika yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, terini qayta ishlashning barcha bosqichlarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
Toshkent viloyati vakillari, o‘z navbatida sholi yetishtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma korxona tashkil etish, Pokiston tajribasi asosida kartoshka yetishtirishni rivojlantirish, urug‘chilik bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish hamda hosildor kartoshka navlarini birgalikda yaratish bo‘yicha takliflarini ilgari surdi. Shuningdek, go‘sht yetishtirish yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Toshkent va Panjob viloyatlarida savdo uylari va logistika markazlarini tashkil etish, shuningdek, tekstil va charm mahsulotlari namoyish etiladigan shourumlar ochish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar mazkur tashabbuslar ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi