Logo

O‘zbekiston Prezidenti raisligida tog‘-kon sanoatida yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

Mart 16, 2026. 20:55 • 5 daq

153
O‘zbekiston Prezidenti raisligida tog‘-kon sanoatida yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

TOSHKENT, 16-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif doirasida tog‘-kon sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, bugungi kunda axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, robototexnika, energetika, elektrotexnika, kimyo va mudofaa sanoati kabi strategik tarmoqlarni jadal rivojlantirish ko‘p jihatdan mis, uran, litiy, volfram va boshqa muhim metallar bazasiga tayanadi. Dunyo bozorlarida mazkur resurslarga talab oshib borayotgani, jumladan, mis konsentrati bozorida taqchillik kuchayib, narxlar o‘sishi kutilayotgani tog‘-kon va metallurgiya sohasidagi loyihalarni tezlashtirishni yana-da dolzarb qilib qo‘ymoqda.

Shu munosabat bilan 2030-yilga qadar O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga, uranni 15 ming tonnaga, misni 500 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha belgilangan marralarga erishish uchun barcha imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish zarurligi qayd etildi.

Bu borada har bir yirik loyihani aniq grafik asosida amalga oshirish, moliyalashtirish, qurilish, logistika, texnologik jihozlash va kadrlar bilan taʼminlash masalalarini o‘zaro uyg‘unlikda hal qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda, avvalo, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan strategik loyihalarning borishi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, 3-mis boyitish fabrikasining keyingi navbatlarini jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, mazkur loyihaning texnologik davomi hisoblangan yangi mis eritish zavodini barpo etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Unda texnik-iqtisodiy asosni yakunlash, xorijiy ekspertlarni jalb qilish, qisqa muddatlarda qurilish ishlarini boshlash yuzasidan masʼullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Olmaliq kombinatining istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, 4-mis boyitish fabrikasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish uchun nufuzli xalqaro kompaniyalarni jalb etish vazifasi alohida ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu hujjatda suv taʼminoti, temir yo‘l, energetika infratuzilmasi, ekologik talablar va yuqori samarali texnologiyalarni kompleks qamrab olish lozimligi taʼkidlandi.

Yig‘ilishda joriy yil uchun tarmoqda 90 ta loyiha doirasida 2 milliard 200 million dollar investitsiya jalb qilish, 172,5 ming tonna mis, 120 tonna oltin, 210,5 tonna kumush va 8 ming tonna uran ishlab chiqarish vazifalari belgilangani qayd etildi.

Shu bilan birga, bir qator istiqbolli konlar va obyektlar bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni tez fursatda yakunlash, ekspertiza jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha qabul qilingan yangi qaror imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Hukumatga ushbu loyihalar doirasidagi tashkiliy va huquqiy masalalarni qisqa muddatda hal qilish topshirildi.

Energetika resurslariga bo‘lgan talab ortib borayotgan sharoitda ko‘mir qazib chiqarish va uni qayta ishlash loyihalarini jadallashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Aholi va sanoat korxonalariga ko‘mir yetkazib berish hajmini oshirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyati doirasida “Muruntov” konini kengaytirishning navbatdagi bosqichi, yangi konlarni o‘zlashtirish, murakkab rudalardan oltin ajratib olish texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, ayrim yirik loyihalar bo‘yicha investorlar bilan hamkorlik mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Metallurgiya yo‘nalishida “O‘zmetkombinat”da ishlab chiqarish hajmini oshirish, ichki xomashyo bazasidan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulot turlarini ko‘paytirish, bozor talabiga mos metall listlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu borada xomashyo taʼminoti, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.

Yig‘ilishda Texnologik metallar kombinati faoliyatiga ham to‘xtalinib, sanoat uchun muhim metallar va murakkab qotishmalar ishlab chiqarishni kengaytirish, selen, tellur, kukun metallurgiyasi detallari va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.

Tarmoq korxonalarida tannarxni pasaytirish va xarajatlarni qisqartirish masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi. Mutasaddilarga bir birlik mahsulot tannarxini qisqartirish, energiya sarfini kamaytirish, resurslardan tejamkor foydalanish va oyma-oy aniq natijalarga erishish bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqish topshirildi.

Davlat xaridlari va kooperatsiya sohasida mahalliy komponentni kengaytirishga alohida urg‘u berildi. Shu bois, mutasaddilarga loyihalar va xaridlarda mahalliy komponent ulushini joriy yilda 2 milliard dollardan oshirish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlar belgilab berildi.

Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirish, qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash, yangi kon va investitsiya bloklarini investorlarga taklif qilish, uglevodorodga istiqbolli maydonlarni iqtisodiyotga jalb etish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda joriy yilda oltin, kumush, mis, uran va rux zaxiralarini sezilarli oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda sohada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida 38 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi, jumladan, 7,5 ming muhandis va 14 ming o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj paydo bo‘lishi qayd etildi. Shu munosabat bilan sohadagi oliy taʼlim muassasalari va texnikumlar faoliyatini yangi talablar asosida tashkil etish, taʼlim dasturlarini zamonaviy texnologiyalarga moslashtirish, dual taʼlimni keng joriy etish, diplom ishlarini bevosita ishlab chiqarish vazifalari bilan bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, oliygohlardagi ilmiy tadqiqotlarni kombinatlardagi amaliy texnologik yechimlarga yo‘naltirish, ilmiy ishlar natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish, talabalar uchun o‘quv-mashg‘ulot poligonlarini tashkil qilish, sanoat korxonalarida sexlarni amaliyot va tadqiqotlar uchun moslashtirish vazifalari belgilandi.

Yangi loyihalar doirasidagi dolzarb ilmiy mavzular ro‘yxatini ochiq eʼlon qilish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bu tadqiqotlarda sohadagi 5 ta oliygoh bilan bir qatorda texnika yo‘nalishidagi barcha davlat, xususiy oliygoh va ilmiy tashkilotlar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi

Yig‘ilish yakunida tog‘-kon, metallurgiya, kimyo va neft-gaz kabi bazaviy tarmoqlarda yirik loyihalar ijrosini tizimli nazorat qilish maqsadida Prezident rahbarligida Sanoat kengashi tuzilishi maʼlum qilindi. Ushbu kengash doirasida yirik korxonalarni xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliy kontentni oshirish, barcha jarayonlarni raqamlashtirish, sunʼiy intellektni joriy etish, investitsiya va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha oylik ish rejalari tasdiqlanadi.

Mutasaddi rahbarlarga ushbu rejalar ijrosini har oy joylarga chiqqan holda korxonabay tanqidiy muhokama qilish, mavjud masalalarni tezkor hal etish va har chorak yakunlari bo‘yicha hisobot kiritib borish topshirildi.


Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish