“Tatar-inform” AA: Toshkent xalqaro to‘qimachilik uskunalari ko‘rgazmasiga mezbonlik qiladi
Avgust 28, 2026. 09:29 • 2 daq
• 189
QOZON, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. Tataristonning “Tatar-inform” axborot agentligi Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “CAITME 2026” xalqaro to‘qimachilik uskunalari ko‘rgazmasi haqida maqola chop etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, 8–10 sentyabr kunlari Toshkentda 17-Markaziy Osiyo xalqaro to‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari ko‘rgazmasi — “CAITME 2026” o‘tkaziladi. Ushbu nufuzli tadbir anʼanaviy “Global Textile Days” haftaligini boshlab beradi.
Ko‘rgazmada dunyoning 17 mamlakatidan 250 ga yaqin kompaniya va brendlar ishtirok etishi kutilmoqda. Germaniya milliy pavilyon shaklida namoyish etilsa, Avstriya, Hindiston, Italiya, Xitoy, Turkiya, AQSH, Shveysariya va boshqa mamlakatlarning yetakchi ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchilari o‘z mahsulotlari bilan qatnashadi.
“CAITME” Markaziy Osiyodagi asosiy sohaviy tadbirlardan biri bo‘lib, mustaqil audit maʼlumotlariga ko‘ra, MDH mamlakatlarida ushbu formatdagi eng yirik ixtisoslashtirilgan to‘qimachilik uskunalari ko‘rgazmasi hisoblanadi. Ekspozitsiya korxonalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda mintaqa to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati mahsuldorligini oshirishga qaratilgan.
Ko‘rgazmada Yevropa va Osiyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari, jumladan, “Rieter”, “Uster”, “Toyota”, “Muratec”, “Truetzschler”, “Saurer”, “Picanol”, “Karl Mayer”, “Staubli”, “Itema”, “Epson”, “Brückner”, “Groz-Beckert” kabi mashhur brendlarning uskuna va texnologik yechimlari taqdim etiladi.
9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan “TextileExpo Uzbekistan Sourcing Hub” loyihasi muhim voqeaga aylanadi. O‘zbekistonda ilk bor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va yirik savdo tarmoqlari, fabrikalar hamda sohaviy kompaniyalarning xaridorlari sunʼiy intellekt texnologiyalari qo‘llanilgan raqamli formatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri B2B muzokaralar o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning yetakchi to‘qimachilik korxonalari ham o‘z ishlab chiqarish salohiyati, mahsulotlari va zamonaviy texnologik imkoniyatlarini namoyish etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi