Logo

Buxoroning yangi aeroportini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha tenderda ishtirok etish uchun 50 dan ortiq mahalliy va xalqaro kompaniyalar qiziqish bildirmoqda.

May 10, 2026. 11:55 • 3 daq

109
Buxoroning yangi aeroportini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha tenderda ishtirok etish uchun 50 dan ortiq mahalliy va xalqaro kompaniyalar qiziqish bildirmoqda.

OSTONA, 10-may. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “Tribune” nashrida O‘zbekiston aviatsiya sohasida amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, ushbu loyihalar yo‘lovchi oqimini ko‘paytirish, xususiy sarmoyalarni jalb etish hamda poytaxt va hududlar o‘rtasidagi yuklamani qayta taqsimlashga yo‘naltirilgan holda mamlakat aviatsiya bozorining yangi arxitekturasini shakllantirmoqda.

Asosiy loyihalardan biri – amaldagi aeroportga muqobil bo‘lishi va xalqaro tashuvlarning salmoqli qismini o‘z zimmasiga olishi ko‘zda tutilgan Toshkentning yangi xalqaro aeroporti – “Yangi Toshkent” (Tashkent Eastern) qurilishidir. Rejaga ko‘ra, loyihani amalga oshirishning faol bosqichi 2026-yil iyun oyida boshlanishi kutilmoqda.

Yangi aeroportda tranzit oqimlariga mo‘ljallangan, yuqori o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga ega yirik aviatsiya xabini yaratish va mamlakatning mintaqaviy logistika yo‘nalishlariga yana-da chuqur integratsiyasini taʼminlash nazarda tutilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aeroportning o‘tkazuvchanlik quvvati yiliga 20 milliongacha yo‘lovchini tashkil etadi, kelajakda esa bu ko‘rsatkichni 30 milliongacha kengaytirish imkoniyati mavjud. Yo‘lovchi terminali maydoni esa taxminan 100–120 ming kvadrat metrni tashkil etishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, hududlarda ham aviatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Namanganda xalqaro aeroportning yangi yo‘lovchi terminali foydalanishga topshirilish arafasida bo‘lib, uning ochilishi 2026-yil iyun oyi oxiriga rejalashtirilgan. Ayni paytda obyekt qurilishi yakuniy bosqichda. Ushbu loyiha aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yiliga 1,5–2 million yo‘lovchigacha oshirish imkonini beradi.

Yangi terminal maydoni taxminan 20–25 ming kvadrat metrni tashkil etib, u soatiga 600 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Bu, ayniqsa, 11 milliondan ortiq aholiga ega va havo transportiga talab yuqori bo‘lgan Farg‘ona vodiysi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Namangan aeroporti imkoniyatlarining kengaytirilishi poytaxtga tushayotgan yuklamani kamaytirib, mintaqa aholisi uchun xalqaro yo‘nalishlarga chiqishni osonlashtiradi.

Buxoro aeroporti loyihasiga bo‘lgan yuqori qiziqish esa aviatsiya sohasining investitsion jozibadorligini yana bir bor tasdiqladi. Uni davlat-xususiy sheriklik asosida qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha tenderga tayyorgarlik jarayonida 50 dan ortiq kompaniya, jumladan mahalliy va xalqaro tuzilmalar – aeroport operatorlari hamda infratuzilma jamg‘armalari ishtirok etish istagini bildirgan.

Bunday faollik, ayniqsa aviatsiya sohasining erkinlashtirilishi va xalqaro tashuvlar ko‘lamining kengayishi fonida, O‘zbekiston bozorining o‘suvchan va istiqbolli yo‘nalish sifatida qabul qilinayotganidan dalolat beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish