Logo

Misr OAV: O‘zbekiston hududlarida ishbilarmonlik faolligi yil boshidan barqaror o‘sishni namoyish etmoqda

115
Misr OAV: O‘zbekiston hududlarida ishbilarmonlik faolligi yil boshidan barqaror o‘sishni namoyish etmoqda

QOHIRA, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Misrning nufuzli “Al-Diplomasi” axborot agentligi va boshqa qator nashrlarida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston hududlaridagi biznes faolligi tahliliga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, 2026-yilning yanvar oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy ko‘rsatkichlar barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy dinamikani ko‘rsatgan. Xususan, soliq tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39,2 foizga oshgan bo‘lsa, bojxona to‘lovlari 19,8 foizlik o‘sishni qayd etdi. Eng yuqori o‘sish surʼatlari Sirdaryo, Navoiy, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilib, o‘rtacha 49 foizni tashkil etgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga erishilgan. Tovarlar eksporti 19,5 foizga oshgan bo‘lib, Toshkent va Navoiy viloyatlari bu borada yetakchilik qilmoqda. Shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi ortib, ayniqsa Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatkichi o‘rtacha 58 foizga ko‘tarilgan.

Xususiy sektorning faol rivojlanayotgani yangi tashkil etilgan korxonalar sonida ham aks etmoqda. Joriy yilning birinchi oyida respublika bo‘yicha 7 116 ta yangi korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi. Yangi subyektlar soni bo‘yicha Toshkent shahri (1 712 ta), Toshkent (735 ta) va Samarqand (610 ta) viloyatlari oldingi qatorlarda bormoqda.

Misr jamoatchiligi eʼtiboriga havola etilgan materialda O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasidagi bitimlar hajmi 1,8 baravarga oshgani alohida urg‘ulangan. Sirdaryo viloyatida birja faolligi 11,1 baravarga, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida esa o‘rtacha 6,5 baravarga o‘sgani mamlakatda ichki bozor konyunkturasi naqadar jonlanganidan dalolat beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish