Misrda Yangi O‘zbekiston siyosati haqida kitob nashr qilindi
Aprel 27, 2026. 12:55 • 2 daq
• 82QOHIRA, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Misr poytaxtida iroqlik yozuvchi va jurnalist Ahmad Zubaydiyning “Maʼnaviyat – Yangi O‘zbekistonning Zuhro yulduzi” nomli kitobi taqdimotlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Asar taqdimotlari Al-Farg‘oniy barpo etgan Nilometr majmuasi, Misr Sanʼat va madaniyat-maʼrifat markazi, Oila va jamiyat taraqqiyoti milliy muassasasi hamda Al-Azhar huzuridagi Tatvir taʼlim markazida o‘tkazildi.
Ushbu taqdimotlar O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti tadqiqotlari instituti va “Barqaror rivojlanish markazi” NNT tomonidan tashkil etildi.
Qohiradagi “Al-Viqaf” nashriyotida chop etilgan kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar qalamga olingan. Asarda inson huquqlarini himoya qilish, taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish, bag‘rikenglik va dinlararo totuvlikni taʼminlash kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Tadbir ishtirokchilari arab davlatlarida O‘zbekiston siyosatiga katta hurmat bilan qaralayotganini alohida taʼkidladi. O‘zbekiston yetakchisining islom diniga bo‘lgan munosabati insonparvarlik va bunyodkorlikka asoslangani, uning rahbarligida maʼnaviy qadriyatlar yana tiklanayotgani qayd etildi.
Misrlik olimlarning taʼkidlashicha, O‘zbekistonda islomning haqiqiy, insonparvar mohiyatini targ‘ib qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi muassasalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga ega. Bu muassasalar anʼana va zamonaviy ilmni uyg‘unlashtirgan holda faoliyat yuritmoqda.
Kitobda misollar orqali dunyoviy jamiyatda ham diniy qadriyatlar muhim o‘rin tutishi ko‘rsatilgan. Ular xalqning madaniyati, axloqi va turmush tarzini shakllantirib, avloddan-avlodga o‘tib keladi.
Tadbir ishtirokchilari ushbu kitob madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga xizmat qilishi va turli soha vakillari uchun foydali bo‘lishini taʼkidladi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Misrga tashrifi doirasida “Barqaror rivojlanish markazi” NNT va Qohiradagi “Hivar” tadqiqotlar markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




