“Вечерний Бишкек”: Orol dengizi o‘rnida yangi cho‘l ekotizim shakllanmoqda
Aprel 27, 2026. 09:25 • 3 daq
• 350
BISHKEK, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Vecherniy Bishkek” nashrida Orol dengizi fojiasiga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, XX asr boshlarida Orol dengizi O‘rta Osiyodagi eng yirik ko‘l hisoblangan. Asrning ikkinchi yarmidan boshlab dengizning qurishi natijasida uning tubida yangi cho‘l ekotizimi – Orolqum cho‘li shakllandi.
Ushbu hudud hozirgi kunda Markaziy Osiyodagi eng yirik antropogen cho‘l ekotizimlaridan biri hisoblanadi. Dengiz sathining pasayishi natijasida 60 ming kvadrat kilometr dan ortiq suvli-botqoq yerlar quruqlikka aylandi.
Orol dengizi hududda sodir bo‘lgan ekologik o‘zgarishlar nafaqat iqlim va tuproq tarkibiga, balki biologik xilma-xillikka ham sezilarli taʼsir ko‘rsatdi. Natijada, suv-botqoq ekotizimlariga moslashgan turlar keskin qisqardi. Shu bilan birga, Ustyurt platosi va Qizilqum cho‘li oralig‘ida shakllangan Orolqum cho‘li o‘ziga xos va noyob cho‘l ekotizimi sifatida qushlar jamoasining yangi tarkibi shakllanishiga sabab bo‘ldi.
Nashrda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutida Orolqum ornitofaunasining hozirgi holatini, turlarning o‘zgargan sharoitlarga moslashish mexanizmlarini o‘rganish va ularni muhofaza qilish choralarini ishlab chiqishga qaratilgan amaliy loyiha doirasida tadqiqotlar olib borilmoqda. Loyiha milliy ilmiy dasturlar ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Mo‘ynoq tumani hududida o‘tkazilgan dala tadqiqotlari davomida geoaxborot texnologiyalaridan foydalangan holda katakli yondashuv qo‘llanildi. Hudud 10×10 km o‘lchamdagi uchastkalarga bo‘linib, marshrutli va nuqtali kuzatuvlar o‘tkazildi. Jami 68 ta uchastka, shu jumladan 140 km piyodalar marshrutlari o‘rganildi.
Tadqiqotlar natijasida, 12 turkum, 26 oilaga mansub 91 turdagi qushlar qayd etildi. Ulardan bir qator turlar milliy va xalqaro muhofaza ro‘yxatlariga, jumladan, O‘zbekiston Qizil kitobiga va xalqaro tabiatni muhofaza qilish konvensiyalari ro‘yxatlariga kiritilgan.
Ornitofaunaning eng ko‘p turlar xilma-xilligi qumli biotoplarda, ayniqsa, Ustyurt platosining sharqiy qismiga tutash zonalarda qayd etilgan. Bu hududlar xilma-xil o‘simlik qoplami va cho‘l va dasht ekotizimlari o‘rtasidagi o‘tish holati tufayli qulayroq sharoitlar bilan tavsiflanadi.
“Vecherniy Bishkek” nashriga ko‘ra, tepaliklar va chinklar qushlarning kuzdagi yashash joyi sifatida ham muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, sho‘rxok va gilli cho‘llarda turlar xilma-xilligi ancha past. Hudud janubidagi sunʼiy suv havzalari Orol dengizining qoldiq qismlariga qaraganda gidrofil turlar uchun ko‘proq ahamiyatga ega ekani aniqlandi.
Shunday qilib, qurigan Orol dengizi o‘rnida shakllangan Orolqum cho‘li yangi, jadal rivojlanayotgan ekotizimga aylanmoqda. Olingan natijalar ekotizimning ekstremal sharoitlarga moslashish jarayonlarini tushunishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqadagi bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi