Logo

Novosibirskdagi jurnalda O‘zbekiston iqtisodiyoti va tibbiyoti keng yoritildi

Aprel 24, 2026. 10:25 • 2 daq

394
Novosibirskdagi jurnalda O‘zbekiston iqtisodiyoti va tibbiyoti keng yoritildi
Novosibirskdagi jurnalda O‘zbekiston iqtisodiyoti va tibbiyoti keng yoritildi
Novosibirskdagi jurnalda O‘zbekiston iqtisodiyoti va tibbiyoti keng yoritildi
Novosibirskdagi jurnalda O‘zbekiston iqtisodiyoti va tibbiyoti keng yoritildi
Novosibirskdagi jurnalda O‘zbekiston iqtisodiyoti va tibbiyoti keng yoritildi

NOVOSIBIRSK, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Novosibirskda nashr etiladigan mashhur “Meditsina i biznes” jurnalining aprel sonida O‘zbekiston iqtisodiyoti, tibbiyoti, madaniyati va turizmiga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi ko‘magida eʼlon qilingan materiallarda O‘zbekiston iqtisodiyoti, tibbiyoti, madaniyati va turizm sohasidagi islohotlar, qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imtiyozlar haqida maʼlumot berilgan.

Nashrda yozilishicha, 2026-yil 1-apreldan boshlab farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bilan bog‘liq loyihalar hududidan qatʼi nazar 3 yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi.

Shuningdek, dorilar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihalari uchun yillik 7 foiz stavkali xorijiy valyutada kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan. Ishlab chiqarishni yana-da chuqurlashtirgan kompaniyalar esa 10 yilgacha sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasi orqali birgalikda moliyalashtirish imkoniga ega bo‘ladi.

Materialda O‘zbekiston sanoat sohasidagi o‘sish ko‘rsatkichlari ham keltirilgan. 2025-yilda sanoat ishlab chiqarish hajmi taxminan 83 milliard AQSH dollarini tashkil etgani va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 6,8 foizga oshgani qayd etilgan. Eng katta o‘sish tayyor mahsulotlar, elektromexanika, mashinasozlik va boshqa yo‘nalishlarda kuzatilgan.

Alohida qism Buxoro xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish rejalariga bag‘ishlangan bo‘lib, u mintaqadagi muhim transport markazlaridan biriga aylanishi taʼkidlangan.

Jurnalning keyingi sahifalari Novosibirskdagi yetakchi xususiy tibbiyot klinikalari vakillarining Toshkentga ilk biznes-missiyasi natijalariga bag‘ishlangan. Materialda “Nega aynan O‘zbekiston?” degan savolga javob berilgan. Taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda xususiy tibbiyot tez rivojlanmoqda va u mamlakat tibbiy xizmatlar bozorining taxminan 33 foizini tashkil etadi.

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tibbiy taʼlimni rivojlantirish va xorijiy bemorlarni jalb qilish bo‘yicha islohotlar ham investitsiyaviy qiziqishni oshirmoqda.

Jurnalning yana bir qismi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan Novosibirskda tashkil etilgan Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan.

Rangli suratlar bilan boyitilgan materialda Navro‘z asrlar davomida xalqlar o‘rtasida maʼnaviy ko‘prik bo‘lib kelayotgani, uning tinchlik, do‘stlik va hamkorlik g‘oyalari bugungi kunda ham muhim ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish