“Life N Style” jurnali: O‘zbekiston — vaqt va makon uyg‘unlashgan sehrli manzil
Mart 26, 2026. 19:32 • 2 daq
• 84
MANAMA, 28-mart. /“Dunyo” AA/. Bahraynning ommabop “Life N Style” jurnalining navbatdagi sonida O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyati va qadimiy madaniy merosiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston: sizdan oldin yetib boradigan manzil” sarlavhali keng qamrovli maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqola muallifi O‘zbekistonni shunchaki geografik nuqta emas, balki inson ruhiyatiga asta-sekin singib boruvchi, o‘ziga xos havosi va asriy madaniyati bilan maftun etuvchi makon sifatida taʼriflaydi. Nashrda Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarning meʼmoriy qiyofasi falsafiy nuqtai nazardan tahlil qilingan. Xususan, Samarqanddagi Registon maydonining geometrik aniqligi va koshinlardagi moviy ranglarning tovlanishi kunning turli vaqtlarida o‘zgacha joziba kasb etishi, Buxoroning sokinligi va Ichan-Qalʼaning loydan tiklangan devorlari vaqt solnomasini o‘zida saqlab kelayotgan jonli tarix sifatida taqdim etiladi.
Jurnalda O‘zbekistonning tabiiy landshaftlari — Tangritog‘ (Tyan-Shan) tizmalarining ulug‘vorligidan tortib, Orol dengizining qurigan tubida qolgan kemalarning sukunatigacha bo‘lgan manzaralar vaqtning relyefdagi ifodasi deb ataladi. Shu bilan birga, o‘zbek xalqining kundalik rituallari, xususan, palov tayyorlash sanʼati, Chorsu bozoridagi shovqinli va qizg‘in muhit hamda Marg‘ilon ipagining nafis tovlanishi mamlakatning o‘ziga xos madaniy ritmini shakllantirishi alohida urg‘ulangan. Maqola yakunida O‘zbekistonga qilingan sayohat inson xotirasida faqat manzaralar emas, balki issiq tandirdan chiqayotgan non isi va Registon gumbazlarida aks etgan ilk quyosh nurlari kabi unutilmas lahzalar bo‘lib qolishi taʼkidlangan.
Bahrayn nashrida bu kabi turkum maqolalarning eʼlon qilinishi Yaqin Sharq mamlakatlarida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni yana-da oshirishga va ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlar oqimini kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi