Nemis nashri: Olmaliqda mega-zavod ishga tushirildi
Mart 22, 2026. 11:00 • 2 daq
• 199
BERLIN, 22-mart. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Deutsche Allgemeine Zeitung” nashrida O‘zbekistondagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi ochilishiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ramziy tugmani bosish orqali ishga tushirilgan ushbu loyiha mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega. Qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan, 196 gektar maydonda barpo etilgan zavod yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu ko‘rsatkich bilan u nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyodagi eng yirik korxonalar qatoridan joy oldi.
Germaniya gazetasi misning energetika, elektrotexnika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyotdagi rolini alohida qayd etgan. O‘zbekiston endilikda nafaqat xomashyo eksport qilish, balki uni mamlakat ichida chuqur qayta ishlashni maqsad qilgan. Joriy yilda misni qayta ishlash quvvatini 240 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihaning texnologik ustunligi shundaki, butun ishlab chiqarish raqamli nazorat ostida va ko‘plab jarayonlar sun’iy intellekt yordamida boshqariladi. Bu energiya sarfini 10 foizga, ishlab chiqarish xarajatlarini esa 15 foizga kamaytirish imkonini beradi.
Nashrning qayd etishicha, xomashyo bazasi ham juda mustahkam: faqat “Yoshlik-1” va “Qalmoqir” konlarida qariyb 45 million tonna mis va 5000 tonnadan ortiq oltin mavjud bo‘lib, bu zaxiralar kamida 100-yilga yetadi. Shuningdek, molibden, selen, tellur va reniy kabi nodir metallar ham kelajakdagi innovasion loyihalar uchun asos bo‘ladi.
“Deutsche Allgemeine Zeitung”da ta’kidlanishicha, bu O‘zbekiston uchun nafaqat sanoat muvaffaqiyati, balki dunyoga yo‘llangan aniq signaldir. Xomashyoni strategik boshqarish, texnologik modernizatsiya va mutaxassislar tayyorlash iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi